“ArMI – 2019” xalqaro armiya o`yinlari doirasida Belarus respublikasida o`tkaziladigan “Merganlar marrasi” bellashuvida o`zbekistonlik harbiylar ham ishtirok etadi. Ayni vaqtda nufuzli musobaqaga tayyorgarlik Sharqiy harbiy okrugda qizg`in davom etmoqda.
Ta`kidlash kerakki, nufuzli tadbirning o`tgan yilgi bahslarida Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan tarkib topgan mamlakatimiz vakillari 18 davlatning 19 jamoasi ichida munosib qatnashib, 4-o`rinni qo`lga kiritgan edi.
Bu yilgi bahslarda ishtirok etish uchun 8 nafar mergan Farg`ona dala- o`quv maydonida tayyorgarlik olib borishmoqda.
- Belarusda bo`ladigan musobaqaga 3 ta juftlikni olib ketaman, biroq ayni paytda 4 ta juftlikni tayyorlayapman. Chunki har doim raqobat muhiti bo`lishi kerak. Shundagina ko`zlangan maqsadga erishamiz. Merganlarning tayyorgarligi yaxshi. Hammasini vaqt ko`rsatadi. Jamoamiz bilan mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilishga harakat qilamiz, – deydi jamoa rahbari podpolkovnik Qudrat Ergashboev.
Musobaqa ishtirokchilari asosan 3 ta shart bo`yicha bellashadi. Har bir shart bir nechta mashqlardan iborat.
Yakuniy natija shartlar davomida to`plangan ballarning umumiy hisobi bo`yicha aniqlanadi.






