18-iyun kuni Samarqand viloyati Urgut va Samarqand tumanlaridagi “Uchqun” hamda Mudofaa vazirligiga qarashli Ya.Tursunov nomidagi sog`lomlashtirish oromgohlarida harbiylar tomonidan ko`rgazmali chiqishlar namoyish etildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma`lum qildi.
Mazkur dam olish maskani Jizzax, Samarqand, Navoiy viloyatlaridan (112 ta) hamda Surxondaryo, Buxoro va Qashqadaryo shaharlaridan (67 ta) harbiy xizmatni o`tayotgan va xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo`lgan harbiylarning jami 179 nafar farzandlari imtiyozli yo`llanma asosida ta`til kunlarini maroqli o`tkazishyapti.

Yoshlar 14 kunlik (birinchi bosqich) yozgi dam olish oromgohida 7 guruhga bo`lingan va ular bilan kun tartibida belgilangan vaqtlarda ko`ngilochar tadbirlar, sport musobaqalari va tog` sayllari o`tkazilyapti.
Oromgohga Samarqand shahrida Uzoq lager dahasida joylashgan harbiy qismdan kelgan serjantlar bolalar uchun tashkil etilgan shaxmat-shashka, raqs, rasm chizish, futbol hamda kitob mutolaasi bo`yicha mashg`ulotlarni kuzatishdi.

Mazkur oromgohga bolajonlar 16 iyun kuni kelib joylashgan edi.
Ma`lumot uchun, harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun imtiyozli yo`llanmaning umimiy narxi 852 677 so`mni tashkil etadi. Ushbu summaning 70 foizi Mudofaa vazirligi tomonidan to`lab beriladi, 255 803 so`m (30 foizi) esa ota-onalar tomonidan to`lanadi.







