AsosiyJamiyat

Shanxay hamkorlik tashkilotining 5 ta loyihasi O`zbekistonda o`tkaziladi

'Shanxay hamkorlik tashkilotining 5 ta loyihasi O`zbekistonda o`tkaziladi'ning rasmi

Qirg`izistonning Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo mamlakatlar o`rtasida Yoshlar Kengashi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston yoshlar ittifoqi delegasiyasi ham qatnashdi. Xalqaro muloqot maydonida ShHT Yoshlar Kengashining 2018-2019 yillar davomida amalga oshirilgan ishlar yakuni bo`yicha ma`lumot berilib, 2019-2020 yillarga mo`ljallangan ish rejasi tasdiqlandi.

Muhokamalar mobaynida Pokiston va Hindiston yoshlarining ShHT Yoshlar Kengashiga qo`shilishi, ShHT Yoshlar Kengashining davlat rahbarlariga murojaatini ishlab chiqishi, tashkilotga a`zo mamlakatlar o`rtasidagi aloqalarni har tomonlama kengaytirish masalalari ham o`rtaga tashlandi.

Yig`ilishda O`zbekiston yoshlar ittifoqi delegasiyasi rahbari Qahramon Quranboev 2020 yilda ShHTning qishki oromgohini Toshkentda o`tkazish hamda Xivada ShHTning biznes startapini tashkil etish kabi tashabbuslarni ilgari surib, barchani yoshlar manfaatlari uchun ko`proq harakat qilishga hamda hamkorlikda bundanda samaraliroq faoliyat yuritishga chorladi.

O`zbekiston delegasiyasi Qirg`iziston Respublikasi Sport va yoshlar vaziri bilan yoshlar masalalari bo`yicha muloqot qilib, yoshlar turizmini rivojlantirish va ular o`rtasida ommaviy sportni targ`ib etishga qaratilgan musobaqalarni birgalikda o`tkazishga kelishib oldi.

Majlisda ilgari surilgan tashabbuslardan kelib chiqqan holda Shanxay hamkorlik tashkilotining 2019-2020 yillar bo`yicha 5 ta loyihasi O`zbekistonda o`tkaziladigan bo`ldi. 2019 yilning oktabr oyida poytaxtimizda ShHT ga a`zo davlatlar o`rtasida “Startaplar forumi” tashkil etilib, noyabrda PROlogue V xalqaro kinofestivalga ham start beriladi.

Noyabr oyida esa qadimiy va hamisha navqiron Samarqandda ShHT davlatlarining yoshlari o`rtasida “Do`stlik uchun!” shiori ostidagi velomarafon bo`libo`tadi. 2020 yilning yanvar oyida ShHT qishki yoshlar oromgohi tashkil etiladi.Bahorning ilk oyida esa Toshkent shahrida o`tkazilishi rejalashtirilayotgan havaskor yoshlarning futbol bo`yicha I chempionati va voleybol bo`yicha turniri ShHTning O`zbekistondagi loyihalarini yakunlab beradi.

    Boshqa yangiliklar