Har kuni dunyo bo`yicha minglab insonlar donor qoniga ehtiyoj sezadi. Donorlik — odamlarga yaxshilik qilishning eng oddiy ko`rinishi bo`lib,ushbu beg`araz, ko`ngilli yordam qonga ehtiyoji bor insonlar uchun haqiqiy ko`makdir.
Joriy yilning 14 iyun kuni Respublika qon quyish markazida “14 iyun — Butunjahon donorlar kuni” munosabati bilan “Hamma uchun xavfsiz qon” shiori ostida tadbir bo`lib o`tdi. Unda Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov ishtirok etib, beg`araz donorlikning mazmun-mohiyati haqidagi so`zladi.
— Donor qon topshirar ekan, kimningdir hayotini saqlabgina qolmay, o`z sog`ligini saqlashga ham erishadi. Chunki muntazam tibbiy ko`rikdan o`tib turish va qon tahlillarini topshirish, kishi salomatligi haqida ma`lumotga ega bo`lib borishiga xizmat qiladi,— deydi Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. — Hozirda dunyoning 70 ta davlatida qon zaxirasi ko`ngilli donorlik hisobiga yig`iladi. Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga binoan qon tarkibiy qismlari va preparatlariga bo`lgan ehtiyojni qoplash uchun har 1000 aholiga nisbatan 40-60 tadan qon topshirish kerak bo`ladi. Bizning yurtimizda esa har 1000 kishiga qon topshirishlar soni 4,8 tani tashkil etmoqda. Ushbu ko`rsatkichni yanada oshirishda, avvalo, biz tibbiyot xodimlari faol va tashabbuskor bo`lishimiz, donorlikning ahamiyatini aholini muntazam tushuntirib borishimiz lozim bo`ladi.
Ko`ngilli donorlik targ`iboti birgina Respublika qon quyish markazi yoki uning sayyor guruhlari vazifasi emas. Qon va qon mahsulotlari zaxirasi nechog`li muhimligi, qay hollarda qon quyishga murojaat qilinishi, zaxira bo`shab qolishi qanday oqibatlarga olib kelishi batafsil tushuntirilib borilsa, ishonamizki, ko`ngilli donorlikka munosabat o`zgaradi.
Tadbir doirasida Sog`liqni saqlash vazirligi xodimlari ham shu erda donor sifatida qon topshirishni boshlab berdi va nafaqat tibbiyot xodimlari, balki aholini ham donorlikda faol bo`lishga chorladi.
Shu o`rinda ta`kidlash joizki, donorlikning ma`lum talablari bor, bular: qon topshirishdan bir kun oldin donor etarlicha dam olishi, tiniqib uxlashi kerak. Kechki ovqatga yog`li taom iste`mol qilinmasligi tavsiya etiladi (qon tahliliga ta`siri bor). Ertalab engil nonushta qilishikerak. Qon topshirishga kelgan donor, albatta, tibbiy ko`rikdan o`tkaziladi. Qondagi gemoglobin miqdori aniqlanadi.
Yana bir e`tiborli jihati, o`z qonini kamida 40 marta, qon komponentlarini 60 marotaba topshirgan kishilar faxriy donor hisoblanadi. Mamlakatimizda ham ana shunday bag`rikeng va sahiy insonlar uchun “O`zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko`krak nishoni hamda eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida bir yo`la to`lanadigan pul mukofoti bilan taqdirlanishadi.Qon xizmatlarida olinadigan qon miqdori organizmdagi umumiy qon miqdorining 10 foizini tashkil qiladi, ya`ni 350-400 millilitr. Organizm yo`qotgan suyuqlik o`rnini 36 soat ichida tiklab oladi.
Butunjahon donorlar kuni arafasida, barcha hududlarda ko`p yillar beg`araz qon topshirib kelayotgan donorlar va donorlik harakatida ishtirok etuvchi insonlarni rag`batlantirishga bag`ishlangan tantanalar mamlakatimiz bo`ylab keng miqyosda o`tkaziladi.
Sog`liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi






