Turli ijtimoiy tarmoqlarda Tropikamid dori vositasini Tramadol, Lirika o`rniga kelgan yangi bir og`u sifatida talqin etilayotgani haqida chiqishlar Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan o`rganib chiqilib qo`yidagilar ma`lum qilinadi.
– Tropikamid dori vositasi oftalmoskopiyani o`tkazishda va refraksiyani aniqlashda tashxis qo`yish uchun (shu jumladan, qorachiqni kengaytiruvchi boshqa preparatlarga yuqori sezuvchanlik bo`lganida), ko`zning yallig`lanish kasalliklarini majmuaviy davolashda sinexiyalarni rivojlanishini oldini olish uchun qo`llanadi, – deydi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi Farmakologiya qo`mitasi raisi Zikrilla Tojixanov. – Ushbu dori vositasi Sog`liqni saqlash vazirligining “Reseptsiz beriladigan dori vositalari ro`yxatini tasdiqlash to`g`risida”gi 2018 yil 22 oktyabrdagi 50-son buyrug`iga ko`ra, shifokor resepti asosida berilishi belgilangan.
– Tropikamid dori vositasi ko`zga tomizish uchun mo`ljallangan bo`lib, qorachiqlarni kengaytirish xususiyatiga ega, ko`z kasalliklarida foydalaniladi. Undan qoidaga xilof ravishda foydalanib, in`eksiya qilinganda qon tomirlari kengayishi tufayli sarxushlik holati yuz beradi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ko`z mikroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Azamat Yusupov. – Ammo Tropikamidni Lirika va Tramadol kabi psixotrop dori vositalari bilan tenglashtirib bo`lmaydi. Tropikamidda narkotik moddalar mavjud emas. Ushbu dori vositasi resseptsiz berilsa, turli noxush vaziyatlar ehtimoli ko`payishi mumkin. Shu bois yuqorida qayd etilganidek, Tropikamid faqatgina shifokor resepti asosida berilishi shart.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 oktyabrdagi «Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O`zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o`tkazish tartibini, shuningdek, ularning muomalada bo`lishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish to`g`risida» 2015 yil 12 noyabrdagi 330-son qaroriga o`zgartirishlar kiritish haqida”gi qarorida tasdiqlangan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar ro`yxatlariga Tropikamid dori vositasi nomlanishi bo`yicha kiritilmagan. Shu bilan birga, Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1961 yilgi giyohvandlik moddalari to`g`risidagi Yagona konvensiyasi va 1971 yilgi psixotrop moddalar to`g`risidagi konvensiyasi talablariga muvofiq tasdiqlangan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ro`yxatlariga ham kiritilmagan.
– Tibbiyot amaliyotida ishlatishga ruxsat etilganTropikamid dori vositasiDavlat Reestridan “Midaks”, “Tropikamid” nomlari bilan o`tkazilgan. Sertifikatlashtirish organlarining ma`lumotiga ko`ra, Tropikamid dori vositasi respublikamizga 2018 yil davomida 562 256 o`ram, 2019 yil 1 maygacha 447 110 o`ramda keltirilgan, – deydi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markaziNarkotiklar nazorati qo`mitasi raisi Ismatjon Azizov. – Ushbu dori vositasi bilan bog`liq noqonuniy xatti-harakatlar yuz bergan holatlarda, Sog`liqni saqlash vazirligiga huquq-tartibot organlari tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar asosida, Narkotiklarni nazorat qilish Davlat komissiyasi tomonidanro`yxatga kiritilishi to`g`risidagi masala ko`rib chiqiladi.
Yana bir bor eslatib o`tamiz, Tropikamid dori vositasi dorixonalardan faqat shifokor resepti asosida berilishi belgilangan.
Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.






