Qashqadaryo viloyatida O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi safida xizmat qilayotgan 30 nafar harbiy xizmatchi yangi uy sohiblariga aylandi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi – harbiy ma`muriy sektor rahbari, O`zbekiston Respublikasi Senati a`zosi Zafar Ruziev, harbiy xizmatchilar, ularning oila a`zolari, yaqinlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda Milliy armiyamizning jangovar salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilarning xizmat va yashash sharoitini yaxshilash borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilib, harbiy xizmatchilar va ularning oila a`zolarini qo`llab-quvvatlashga alohida e`tibor qaratilmoqda. Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari uchun bunyod etilgan mazkur uylar buning amaldagi ifodasidir.
Yurtimiz tinchligi uchun sidqidildan xizmat olib borayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a`zolari uchun barpo etilgan ko`p qavatli zamonaviy uylarning kalitlari tantanali ravishda topshirildi.






