Hukumat qarori bilan Oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish bo`yicha davlat xizmatlarini ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi.
Unga muvofiq, abiturientlar ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish bo`yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan oliy ta`lim muassasalariga Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali hujjat topshirishi mumkin va ushbu oliy o`quv yurtlari ro`yxati haqida 5 kunlik muddatda taklif Davlat komissiyasiga kiritilishi lozim.
Davlat xizmatlari markazlari tomonidan hujjatlar 15 iyundan 15 iyulgacha abiturientlarning doimiy ro`yxatda turgan joyidan qat`i nazar qabul qilinadi.
Hukumat qarori bilan tasdiqlangan reglamentga muvofiq, abiturientlar Davlat xizmatlari markazlar orqali hujjat topshirganda so`rovnoma to`ldiriladi.
Quyidagi hujjatlarning asl nusxasi taqdim etiladi:
· pasport (pasport yoshiga etmaganlar tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnoma);
· maktabni, kollejni yoki liseyni tugatganlik to`g`risidagi hujjat (ilovasi bilan);
· imtiyozga ega bo`lganlar imtiyozni tasdiqlovchi hujjat.
Abiturient bir vaqtda, o`qitishning bir shakli doirasida 3 tagacha oliy ta`lim muassasasini tanlashi mumkin.
Davlat xizmatini ko`rsatish uchun joriy yil bitiruvchilaridan va nogironligi bo`lgan yoki to`liq davlat ta`minotidagi shaxslardan to`lov undirilmaydi.
Test sinovlari o`tkazilayotgan yildan avvalgi yillarda ta`lim muassasasini tugatgan abiturientlardan eng kam oylik ish haqining 50 foizi (101 ming 365 so`m) miqdorida to`lov undiriladi.
Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi






