AQShlik mashhur prodyuser Lourens Alan Kasanoff O`zbekiston milliy kinokomissiyasi a`zolari hamrohligida Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlarini o`zining navbatdagi filmi uchun lokasiyalar tanlash maqsadida ko`zdan kechirdi.
Yo`lga qo`yilayotgan hamkorlik natijasidaO`zbekistonda Gollivud blokbasterening bir qismini suratga olish ishlari bo`lib o`tishi kutilmoqda.
O`zbekiston milliy kinokomissiyasi AQShlik kinoijodkorlarning yurtimizda mazkur filmni tasvirga olishini tashkil qilish va AQShdan kelgan kinoijodkorlarga tasvirga olish jarayoni davomida to`liq ko`mak ko`rsatish masalasida kelishib olindi.
Ma`lumot uchun, Lourens Kasanoff «Mortal Combat» franshizasi asoschisi, «Terminator», «Lego-yulduzlar jangi» kabi filmlar prodyuseri hisoblanib, «Terminator 2: Judgment Day» (Terminator 2: Qiyomat kuni) kartinasi uchun Oskar mukofotiga sazovor bo`lgan. U Arnold Shvarsenegger bosh qahramon rolini ijro etgan va Djeyms Kemeron rejissyorlik qilgan «True Lies» (Chin yolg`onlar) filmida ijrochi prodyuser vazifasini bajargan.
Lourens Kasanoff 1990 yil kinorejisser Djeyms Kemeron bilan birgalikda «Lightstorm Entertainment»kinokompaniyasiga asos soladi.Ushbu kinokompaniya shu kungacha «Titanik», «Avatar» singari filmlar prodyuserligi bilan shug`ullangan. Lourens 200 ortiq filmlar yaratilishda ishtirok etib, kinobiznesda milliard dollardan ortiq mablag` to`plagan.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston milliy kinokomissiyasi kinoturizmni rivojlantirish, xorijiy kinokompaniyalar uchun O`zbekiston Respublikasi hududida filmlarni tasvirga olish ishlarida qulay shart-sharoitlar yaratish hamda mamlakat kinolokasiyasini xorijda keng targ`ib qilish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 iyuldagi PQ-3880-son qaroriga asosan O`zbekiston Yoshlar ittifoqi, “O`zbekkino” Milliy agentligi va Kinematografiyani rivojlantirish markazi tizimida tashkil qilingan.






