Nurafshon shahrida Toshkent viloyati faollari, hokimlar va sektorlar rahbarlari, respublika idoralari mutasaddilari ishtirokida yig`ilish boshlandi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev viloyat iqtisodiyoti, tumanlardagi ahvolni tanqid qildi.
- O`zim yurib, respublikadan rahbarlar yuborib, eng dolzarb masalarni hal qilyapmiz. Hamma joyda o`zgarish bo`lyapti. Toshkent viloyati nimaga uyg`onmayapti? Vaqt shiddat bilan o`tyapti. Har bir kun, har bir daqiqa g`animat. Prezident siyosat yuritadi, imkon yaratadi. Mutasaddilar qattiq talab qilib, quyi tizimdagi rahbarlar jon kuydirib ishlab, natijani ta`minlashi kerak. Odamlar quruq gapga chidamaydi. Toshkent viloyatida quruq gap. Qani raqobat, qani ilm, qani natija, qani tashabbus, - deya savol qo`ydi Shavkat Mirziyoev.
Katta iqtisodiy salohiyatga ega bo`la turib, viloyatda mavjud rezerv va imkoniyatlar to`liq ishga solinmayotgani, sanoat haligacha bir nechta yirik korxonalarga bog`liq bo`lib qolayotgani ko`rsatib o`tildi. Bo`ka, Piskent, Parkent, Ohangaron, Bekobod, Quyichirchiq, Oqqo`rg`on va Chinoz tumanlarida sanoat rivoji pastligicha qolmoqda. Quyichirchiq, Bekobod, Ohangaron, Piskent va Bo`ka tumanlarida aholi jon boshiga xizmat ko`rsatish hajmi respublika bo`yicha o`rtacha ko`rsatkichdan 2-3 barobar kam.
Yig`ilishda tadbirkorlik va qishloq xo`jaligi, ish o`rinlari, ijtimoiy sharoitlarga doir dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.






