1 iyun kuni O`zbekiston mudofaa vazirining buyrug`iga ko`ra, Mudofaa vazirligi sport klubining bir guruh sportchi va murabbiylari musobaqalarda erishgan muvaffaqiyatlari sabab qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlandi.
Joriy yilning aprel oyi armiya sportchilari uchun “hosilga mo`l bo`ldi”: ular 4 ta oltin, 3 ta kumush va 5 ta bronza medalini qo`lga kiritdilar. Doxada o`tkazilgan engil atletika bo`yicha Osiyo chempionatida leytenant N.Dusanova balandlikka sakrash bo`yicha hamda R.Qurbonov uch hatlab sakrashda oltin medallarni qo`lga kiritgan bo`lsalar, S.Xodjaev bronza medaliga ega chiqdi.
Bangkokda boks bo`yicha o`tkazilgan Osiyo chempionatida esa N.Mirahmedov (THO, 49 kg) hamda M.Mirzaxalilov (ShHO, 56 kg.) oltin medallarga sazovor bo`lgan bo`lsa, Sh.Raximov (60 kg) va Yo.Mirzaeva (57 kg) bronza medallarini qo`lga kiritgan edi.
Ninbo (Xitoy)da o`tkazilgan og`ir atletika bo`yicha Osiyo chempionatida 102 kilogrammgacha bo`lgan vazn tofasida Sunnatillo Usarov, shartnoma bo`yicha harbiy xizmatchi oddiy askar G.Matniyozova esa Fujeyrada o`tkazilgan Osiyo va Okeaniya chempionatida kumush medallarini qo`lga kiritganlar.
Olmaotada o`tkazilgan xalqaro marafonda shartnoma bo`yicha harbiy xizmatchi oddiy askar M.Xmelevskaya kumushga, T.Kuchkarova bronza medaliga sazovor bo`lgan. S.Xamidova esa Dushanbeda o`tkazilgan xalqaro yarim marafonda bronzani qo`lga kiritgan.
Ushbu muvaffaqiyatlarga erishish yo`lida ularning ustozlari, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan murabbiylar Uyg`un Siddiqov, Vitaliy An, Anvar Kuchmuradovlarning hissasi katta.
Armiya sportchilari hamda ularning murabbiylarini sharaflashga bag`ishlangan tadbirda Mudofaa vazirligi markaziy apparati vakillari polkovnik Xasan Xalilov va podpolkovnik Aziz Xaydarov ishtirok etdi.
– Sovg`a olish juda yoqimli, axir biz sportchilar uchun harbiy idoraning erishgan yutuqlarimizga e`tibori juda muhim hisoblanadi, – deydi shtangachi Sunatullo Usarov.
– Birdaniga uchta armiya bokschisi mintaqaning eng kuchlilari qatoriga kirgani quvonarli hol, – deydi bokschilar murabbiyi Uyg`un Siddiqov. – Vazirlik rahbariyatining e`tiborga javoban armiya sportini yanada yuqoriga ko`tarishga, O`zbekiston sha`nini xalqaro sport maydonlariga munosib himoya qilishga harakat qilamiz.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati






