1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan Mirzo Ulug`bek tumanida joylashgan “Avayxon” mahallasida bayram tantanalari bo`lib o`tdi.
Unda O`zbekiston mudofaa vazirining o`rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov, Ichki ishlar vazirligi Mirzo Ulug`bek tuman boshqarmasi vakillari hamda tuman hokimligi rahbariyati so`zga chiqib, barcha bolajonlarni muborakbod etdilar.
Tadbir avvalida Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikasiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti kursantlari tomonidan Ichki ishlar vazirligi bo`linmalari uchun yaratilgan mobil ilovaning taqdimoti bo`lib o`tdi. Mazkur mobil ilova ichki ishlar organ xodimlari bilan favqulodda muloqot qilish uchun qulay vosita hisoblanib, jinoyatchilikka qarshi kurashishda keng samara berishi kutilmoqda.
Shundan so`ng, bolajonlar uchun orziqib kutilgan bayram tantanalari ochiq deb e`lon qilindi. Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamli hamda Harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan kuy-qo`shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Qurolli Kuchlari akademiyasi kursantlar tomonidan ijro etilgan sahna ko`rinishlari hamda qo`l jangi elementlari esa bayramni haqiqiy shouga aylantirib yubordi.
Tadbir davomida tashkil etilgan turli bellashuv va sport o`yinlarida faol ishtirok etgan bolajonlarga kitob va esdalik sovg`alari hadya etildi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Prezidenti 2018 yil 24 dekabrdagi “Jamoat xavfsizligini ta`minlash samaradorligini oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorni imzolagan edi. Unda jamoat xavfsizligini ta`minlash tizimida o`zaro maqsadli hamkorlikni tashkil etish, joylardagi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari hamda jamoatchilik tuzilmalari hamkorligini yo`lga qo`yish vazifasi belgilab berilgan.
Ushbu qaror ijrosi yo`lida, Mudofaa vazirligi poytaxtimizning Mirzo Ulug`bek tumaniga mas`ul etib belgilangan. Mudofaa vazirining tegishli buyrug`i bilan tumanda jamoat xavfsizligini ta`minlashga sezilarda darajada hissa qo`shgan Ichki ishlar vazirligi xodimlari qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlandi.
Ta`kidlash kerakki, Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan bu kabi bayram tadbirlari Toshkentdagi eng yirik istirohat bog`larida ham o`tkazildi.
Xususan, Toifalangan ob`ektlarni qo`riqlash qo`shinlari qo`mondonligi harbiy xizmatchilari “Anhor-Lokomotiv” bog`ida kichkintoylarga bayram tantanasini taqdim etdi.
Badiiy havaskorlik guruhi hamda harbiy orkestr jamoasining kuy-qo`shiqlari, faxriy qorovulning ko`rgazmali chiqishlari yig`ilganlarning olqishiga sazovor bo`ldi. Qo`l jangi bo`yicha ko`rgazmali namoyish esa ko`p miqdordagi olomon qurshovida o`tkazildi.
Harbiy xizmatchilarning farzandlari orasidagi rassomchilik ko`rgazmasi, shaxmat, shashka va stol tennisi musobaqasi, g`oliblarga qo`mondonlik tomonidan berilgan Faxriy yorliq va esdalik sovg`alari unutilmas xotiraga aylandi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati






