Davlatimiz rahbari ilgari surgan Beshta tashabbus doirasida Bo`ka tumani markazida Madaniyat va ma`rifat ekoparki barpo etildi. Prezidentimiz ushbu istirohat bog`iga tashrif buyurib, yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Bu erda Beshta tashabbusning barchasi mujassamlashgan. Zamonaviy kutubxona hamda kitob o`qish uchun sokin joylar, kompyuter o`yinlari uchun maydonlar, Wi-Fi hududlari tashkil etilgan. Yopiq amfiteatr, kafelar qurilgan. Universal sport maydonida vorkaut va badantarbiya, mini futbol, badminton, stol tennisi va boshqa sport turlari bilan shug`ullanish uchun keng sharoit yaratilgan. Velosiped, samokat, skeytbord va roliklar ijarasi ham yo`lga qo`yilgan. Majmua har oyda o`rtacha 6 ming nafar yigit-qizni jalb qilishi mumkin.

Shavkat Mirziyoev bog`dagi kutubxonani kirib ko`rdi.
- Hududlarga kitob etkazib berish yaxshi. Lekin ularni o`qish, o`qitish etarli darajada emas. Bolalarimizni bog`cha yoshidan, boshlang`ich sinflardan kichik-kichik kitoblarga o`rgatish, shu orqali ularni kitobsevar etib ulg`aytirish zarur. Shundagina jamiyatimizda kitobxonlik muhiti shakllanadi, boshqalar ham kitob o`qishga qaytadi, - dedi davlatimiz rahbari.
O`zbekiston Milliy kutubxonasi bilan hamkorlikda ilmiy yondashuvlar asosida kitob o`qitish metodikasi hamda qaysi yoshda qanday asarlarni o`qish bo`yicha tavsiyalar ishlab chiqish zarurligi ta`kidlandi. Bog`da butun yil davomida rang-barang madaniy tadbirlar va mahallalararo musobaqalar o`tkazish, o`quvchilarning yozgi ta`tilini mazmunli tashkil etish bo`yicha topshiriqlar berildi.














