AsosiyJamiyat

Uy, bog`cha, kredit, xizmat joyini o`zgartirish... Mudofaa vaziri o`rinbosarining sayyor qabullari nihoyasiga etdi

'Uy, bog`cha, kredit, xizmat joyini o`zgartirish... Mudofaa vaziri o`rinbosarining sayyor qabullari nihoyasiga etdi'ning rasmi

Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo`yicha o`rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov boshchiligidagi sayyor qabul 30-31 may kunlari Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrugining Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida ham o`tkazildi.

Unda harbiy xizmatchilar va ularning oila a`zolari, nafaqadagi harbiylar hamda amaliy ko`makka ehtiyojmand hamyurtlarimizning murojaatlari yuzma-yuz tinglanib, muammolari atroflicha hal etildi.

Qabul avvalida, general-mayor Azizbek Ikramov Mudofaa vazirligi nomidan Qurolli Kuchlar faxriysi Dilafruz Jalilova va shartnoma bo`yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Sobir Pirjanovga farzandi uchun imkoniyati cheklanganlar aravachasini hamda Qurolli Kuchlar faxriysi Otaboy Yo`ldoshev va shartnoma bo`yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Farrux Mamajonovning otasi Zokirjon Dadaboevga tibbiyot quloqchinlarini topshirdi.

Shundan so`ng murojaatlar birma-bir ko`rib chiqila boshlandi.

Surxondaryo viloyatida bo`lgani kabi Qashqadaryoda ham sayyor qabul guruhi ko`plab turli murojaatlarni ijobiy hal etdilar.

“Ipoteka krediti asosida uy-joy olish uchun tegishli hujjatlarni to`plaganimga bir yildan oshdi. Aynan qachon menga uy topshirilishini aniq bilmayotgan edim. Sayyor qabul guruhi mas`ul ofiserlari joriy yilda menga Andijon viloyatidan uy topshirilishini ma`lum qilishdi”, — deydi podpolkovnik Doniyorbek Asqarov.

Shuningdek, farzandining sog`ligi sabab xizmat joyini o`zgartirishni so`ragan harbiy xizmatchining murojaati ham echim topadigan bo`ldi.

— Qashqadaryo viloyatida xizmat qilayotganimga shu yil oxirida besh yil to`ladi, — deydi shartnoma bo`yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Olim Junashev. — Mudofaa vazirining o`rinbosariga xizmat joyimni ko`chirish yuzasidan murojaat qildim va vazir o`rinbosari bir oy ichida bu masalani ijobiy hal bo`lishini bildirdilar. Sababi o`n yashar o`g`lim Dilshodbek Adiljanov bir yildan beri o`tkir limfoblasli leykos (oqqon) kasalligi bilan og`riydi. Shifokorlarning aytishicha, bu ob-havo muhiti tufayli orttirilgan ekan. Shuningdek, farzandimning davolanishi va butkul sog`ayib ketishi uchun barcha zaruriy yordam ko`rsatilishini aytdilar. Men bundan g`oyatda mamnunman. Mudofaa vazirligi rahbariyati hamda okrug qo`mondonligiga minnatdorlik bildiraman.

Viloyatda faoliyat yuritayotgan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham o`z vakolatlari bo`yicha bildirilgan masalalarni hal etdi.

Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrug faxriylari kengashi raisi, nafaqadagi podpolkovnik Sharif Madiev viloyatda istiqomad qilayotgan harbiy pensionerlarning xususiy tadbirkorlik va imtiyozli kreditlar olish borasidagi takliflarini o`rganib chiqib, Qashqadaryo viloyati Markaziy bank ijro apparati boshlig`i Tolibjon Qurbonovga yuzlanib, mazkur masalaga echim topdi.

Mudofaa vaziri o`rinbosari boshchiligidagi sayyor qabul guruhi kun davomida yuzlab hamyurtlarimiz bilan muloqot qilib, ularning mushkulini oson qildi.

Harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun 150 kishiga mo`ljallangan zamonaviy bolalar bog`chasi qurish istagini bildirgan tadbirkor Isroil Alievning ham ishi bitadigan bo`ldi.

— Mudofaa vaziri o`rinbosariga loyihamni taqdim etdim, — deydi u. — Qurilish ishlariga 2 milliard 400 million so`mdan ortiq mablag` sarflanadi. Mudofaa vaziri o`rinbosari loyiham bilan yaqindan tanishib chiqqach, Respublika maktabgacha ta`lim vazirligi bilan hamkorlikda ushbu masalani hal etishda yordam ko`rsatishini bildirdi.

Buxoro viloyatida o`tkazilgan sayyor qabulda ham ko`plab yurdoshlarimiz o`z murojaatlari bilan kelib, muammolariga echim topdilar.

Xususan, Buxoro viloyati Olot tumanida istiqomat qiluvchi, xizmat vazifasini bajarish chog`ida halok bo`lgan shartnoma bo`yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Zafarjon Itolmasovning otasi Pirimqul Itolmasovning uy-joy olishi haqidagi muammosi hal etildi.

“Mudofaa vazirining tegishli buyrug`ida xizmat vazifasini bajarish chog`ida halok bo`lgan harbiy xizmatchilarning oila a`zolarini uy-joy bilan ta`minlash belgilab berilgan. Mazkur buyruq asosida fuqaro Pirimqul Itolmasovning murojaati ko`rib chiqildi. U zaruriy hujjatlar taqdim etganidan so`ng, yuz foizlik imtiyoz bilan ipoteka krediti asosida uy-joy bilan ta`minlanadi, – deydi Buxoro hududiy uy-joydan foydalanish qismi boshlig`ining yordamchisi adliya kapitani Ruslan Latipov.

O`tkazilgan sayyor qabullar davomida Surxondaryo viloyati bo`yicha — 194 ta, Qashqadaryo viloyati bo`yicha — 187 ta hamda Buxoro viloyati bo`yicha — 115 ta (jami 496 ta) murojaatlar o`rganilib, muammolarning asosiy qismi o`z echimini topdi.

Sayyor qabul kutilgan natijani berdi. Kelgusida boshqa harbiy okruglarda ham shu kabi qabullar o`tkazish rejalashtirilyapti.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar