Joriy yilning 31 may kuni poytaxtimizda O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi vazirligi tomonidan Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti, Xalqaro oziq-ovqat siyosati ilmiy-tadqiqot instituti (IFPRI) bilan hamkorlikda «Markaziy Osiyoda qishloq xo`jaligi transformasiyasi, oziq-ovqat xavfsizligi va oziqlanish» mavzusida xalqaro konferensiya hamda «Global oziq-ovqat siyosati 2019» hisobotining taqdimoti bo`lib o`tdi.
O`zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash, ichki bozorni sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to`ldirish, aholining xarid imkoniyatlarini mustahkamlash borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 16 yanvardagi «Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida»gi farmoni bu boradagi ishlarni sifat jihatdan yuqori pog`onaga olib chiqmoqda.
Konferensiya Xalqaro qishloq xo`jaligi tadqiqotlari bo`yicha maslahat guruhining (CGIAR) Siyosat, muassasalar va bozorlar (PIM) hamda To`liq oziqlantirish va salomatlik uchun qishloq xo`jaligi (A4NH) tadqiqot dasturi ko`magida tashkil etildi.
Anjumanda O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi vaziri J. Xodjaev, Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti rektori K. Karimov, Xalqaro oziq-ovqat siyosati ilmiy-tadqiqot instituti (IFPRI) bosh direktori Sh. Fan, Evropa Ittifoqining O`zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi Hamkorlik bo`limi boshlig`i F. Bejo so`zga chiqib, ushbu tadbir sohada o`zaro bilim va tajriba almashish uchun katta imkoniyat ekanligi, qolaversa, mintaqaviy aloqalar va qishloq xo`jaligi islohotlarini kuchaytirish, Markaziy Osiyoda qishloq hududlaridagi sharoitlarni jonlantirishga qaratilgan masalalarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta`kidlashdi.
Qishloq xo`jaligi vaziri Jamshid Xodjaev oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash mamlakat taraqqiyoti, siyosiy, iqtisodiy va ma`naviy rivojlanish darajasini belgilovchi muhim omillardan ekanini ta`kidlar ekan, jumladan, quyidagilarni bildirdi:
- «So`nggi yillarda O`zbekistonda keng ko`lamli ijtimoiy-iqtisodiy o`zgarishlar amalga oshirilmoqda. 2017—2021 yillarda O`zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida qishloq xo`jaligini modernizasiya qilish va rivojlantirishga katta e`tibor qaratilgan. Qishloq xo`jaligi va agrosanoat kompleksining tegishli tarmoqlari mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim o`ringa ega. Sir emaski, aholining ish bilan bandligi, turmush tarzi qishloq xo`jaligi sektori bilan uzviy bog`liqdir. Ayni paytda Qishloq xo`jaligi vazirligi sa`y-harakatlarni birlashtirgan holda tegishli idora va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda 2019-2030 yillarda qishloq xo`jaligini rivojlantirishning milliy strategiyasini ishlab chiqmoqda. Bu borada hamkorlarimizning milliy strategiyani tayyorlashdagi ulkan hissasini e`tirof etishni istardim. Hujjat hozircha ishlab chiqilmoqda va yaqin orada jamoatchilikka taqdim etiladi.»
Xalqaro oziq-ovqat siyosati ilmiy- tadqiqot instituti har yili global ahamiyatga ega oziq-ovqat muammolarini tahlil qilib, hisobot tayyorlaydi. Joriy yilda dunyoning 14 shahrida xususan, Berlin, Moskva, Pekin, Tokio kabi shaharlar qatorida ikkinchi marta Toshkentda ham ushbu taqdimot konferensiyasi tashkil etilmoqda.
Konferensiyada qishloq xo`jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari tizimining tarkibiy o`zgarishlari, uning oziqlanishdagi ahamiyati, Markaziy Osiyoda qishloq xo`jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi, raqobatdoshligini ta`minlash masalalari muhokama qilindi.
Qishloq xo`jaligi vazirligi matbuot xizmati






