AsosiyJamiyat

Nukuslik Baurjonga qo`mondon velosiped sovg`a qildi

' Nukuslik Baurjonga qo`mondon velosiped sovg`a qildi'ning rasmi

Baurjon Nukus shahri, Do`stlik ko`chasidagi 23-uyda istiqomat qiladi.U kelajakda harbiy bo`lishni orzu qiladi. Afsuski, tug`manogiron. Harbiy sohada sportning o`rni, ahamiyati beqiyos ekanligini yaxshi biladi. Agar jismoniy imkoniyati cheklanmaganida... u albatta harbiy xizmatchi bo`lib Vatanini himoya qilardi. Yaqinlarining aytishicha, Baurjon tengdoshlariga nisbatan zukko va tirishqoq ekan. U har doim yaqinlari mehri muhabbatini his qilib yashayapti. Yaqinlari-uning suyanchiqlari. Lekin shunday bo`lsayam hamma istaklarini ularga aytishga biroz istihola qiladi. Baurjonning yana bir orzusi bor u velosipedi bo`lishni juda-juda xohlaydi.

6 yoshli Baurjon Esenov Shimoli-g`arbiy harbiy okrugi qo`shinlari qo`mondoniga yozgan maktubida o`z orzularini, istaklarini shunday bayon etadi. O`zgalarga mehr-muruvvvat, hayru sahovat ko`rsatish millatimizning qon-qoniga singib ketgan. Bu azaliy qadriyatlarimizdan. Albatta, harbiylarimizning milliy qadriyatlarimizga hurmati baland. Ular ham sahovatni e`zozlaydi, o`zgalarga ezgulik ulashib ko`ngillarni nurafshon qilishni oliy maqsad, ezgu ish deb bilishadi.

Baurjonning maktubi e`tiborsiz qolmadi. Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida shaxsan harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni polkovnik Dilshod Choriev ularning uyiga tashrif buyurdi. Qo`mondonning qo`lidan bayram sovg`asi – velosipedni qabul qilib olgan Baurjonning o`sha damdagi quvonchini ta`riflashga so`z ojiz. Bu manzarani hayajonbilan kuzatayotgan ona ko`z yoshlarini tiyolmadi.

– Kutilmagan voqea bo`ldi. Darvozadan kirib kelgan harbiylarni ko`rib shoshib qoldim. O`g`limning quvonganini ko`rsangiz edi, – deydi Baurjonning onasi Sovle opa. – Baurjon harbiylarni juda yaxshi ko`radi. Qo`mondon bilan suhbatda o`g`lim bu haqda ulargayam to`lqinlanib gapirdi. O`g`lim velosiped haydashga qiziqadi. Lekin uning bu istagini amalga oshirishga moddiy imkoniyatimiz to`g`ri kelmasdi.Yaxshilarning ko`magida Baurjonning istagi amalga oshdi. Bu kunni hech qachon unutmaymiz. Ilohim, hayoti, kunu tuni ezgulikka esh yaxshilarning umri ziyoda bo`lsin.

Shu kuni Sovle opa ham muruvvatdan benasib qolmadi. Unga mikroto`lqinli pech, oilaning yana bir a`zosi – Dianaga esa badiiy kitoblar, yumshoq o`yinchoqlar va shirinliklar taqdim etildi.

Shuningdek, okrug qo`mondonligining tashabbuskor guruhi bayram munosabati bilan Nukus shahar Donolar ko`chasi 56-uyda istiqomat qiluvchi, xizmat vazifasini bajarish vaqtida nogironlik orttirgan sobiq harbiy xizmatchi, 1-guruh nogironi Qalila Jumanovning ham xonadoniga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Q.Jumanovning farzandlari Dilshodbek, Sardor va Mohinurga sport kiyimlari, shaxmat to`plami va boshqa sovg`alar topshirildi.

Tadbir doirasida Nukus shahridagi Melana restoranida Shimoli-g`arbiy harbiy okrug harbiy qism va muassasalari harbiy xizmatchilarining nogiron farzandlari uchun hayriya tadbiri o`tkazildi. Tadbir doirasida konsert dasturi namoyish etildi, bayram dasturxoni yozildi va kichkintoy mehmonlarga sovg`alar ulashildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar