Eksport salohiyatini oshirish, uni kengaytirish, mahalliy korxonalarning mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarishda eksportyor tashkilotlar faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida DBQ Raisining o`rinbosari M.Saliev rahbarligidagi ishchi guruh 2019 yil 31 may kuni Samarqand viloyatida bo`ldi.
Kunning birinchi yarmida viloyat bojxona boshqarmasining ma`muriy binosida tadbirkorlik sub`ektlarining vakillari va tadbirkorlik uyushmalari ishtirokida Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi Jamoatchilik maslahat kengashining navbatdagi yig`ilishi o`tkazildi.
Uchrashuvda tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash hamda tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish borasida yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati tadbir ishtirokchilariga to`liq etkazildi.
Xususan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14 maydagi «Tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida» PF-5718-son Farmoni asosida O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko`rib chiqish qabulxonalari tashkil etilganligi hamda qabulxonalar faoliyatining asosiy yo`nalishlari etkazildi.
Uchrashuv muhokamasi ochiq muloqot tarzida o`tkazilib, DBQ Raisining o`rinbosari M.Saliev rahbarligidagi ishchi guruhi tomonidan tadbirkorlik sub`ektlarning faoliyatida uchrayotgan muammolari eshitilib, bojxona organlari vakolati doirasida masalalarni o`rganish natijasiga ko`ra joyida hal etildi va tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, vakolatli qo`mita va vazirliklar birgalikda o`rganib chiqilishi talab etiladigan masalalar yuzasidan, qisqa muddatlarda hamkorlikda o`tkaziladigan o`rganish natijasiga ko`ra qo`shimcha axborot taqdim etilishi yuzasidan tushuntirish berildi.
Kunning ikkinchi yarmida Ishchi guruh ishlab chiqaruvchi va eksportyor korxonalarning muammolarini joyida o`rganish maqsadida, viloyatda faoliyat ko`rsatayotgan “Zarafshon Tekstil”, “Prime Ceramics” hamda “Kaplanser Sam” nomli korxonalarga tashrif buyurishdi.
Tadbirkorlik sub`ektlarining faoliyati va muammolari bilan yaqindan tanishildi. Bojxona organlari o`z vakolati doirasida korxonaning eksport salohiyatini oshirish borasidagi barcha masalalarni hal etishga tayyor ekanligi ma`lum qilindi.
Ishchi guruh Urgut tumanidagi ishlab chiqaruvchi eksportyor tashkilotlarda ham uchrashuvlar o`tkazdi.






