AsosiyJamiyat

Endilikda mahalliy “insulin” dori vositalari tibbiyot amaliyotida qo`llaniladi

'Endilikda mahalliy “insulin” dori vositalari tibbiyot amaliyotida qo`llaniladi'ning rasmi

Joriy yilning aprel oyida Andijon tumanidagi Xartum qishlog`ida yiliga 10 million flakon insulin dori vositasi ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod ish boshlagan edi. Ayni paytda bu erda Sog`liqni saqlash vazirligi, Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi hamda “Zamin Bio Health” MChJ bilan hamkorlikda qandli diabet kasalligini davolashda qo`llaniladigan “Insulin” preparati ishlab chiqarish bo`yicha yirik investision loyiha amalga oshirilmoqda.

Ma`lumki, qandli diabet xastaligi insulin gormonining to`liq yoki qisman etishmovchiligidan kelib chiqadi. Natijada, qonda giperglikemiya – qondagi glyukoza miqdorining davomli ortib borishi kuzatiladi. Kasallik surunkali davom etishi va organizmdagi moddalar almashinuv jarayonlari (uglevod, yog`, oqsil, mineral va suv-tuz almashinuvi)ning buzilishi bilan namoyon bo`ladi.

Ushbu kasallikka davo sifatida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan dori vositasini sifatli, xalqaro talablar darajasida tayyorlash bo`yicha zarur bo`lgan klinik tadqiqot ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi. 3 xil ko`rinishga ega bo`lgan “Juslin N”, “Juslin R”, “Juslin 30/70” insulin preparatlari tadqiqot davomida bemorlarda ijobiy natija ko`rsatdi.

Kuni kecha Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu preparatlar davlat ro`yxatidan o`tkazilib, tibbiyot amaliyotida qo`llanilishiga ruxsat etildi.

Shu paytga qadar insulin dori vositasi yurtimizga chetdan keltirilardi. Zavod ishga tushishi natijasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 30 foizi mamlakatimiz ichki bozori talabini qoplashga yo`naltiriladi. Bu esa dori vositasining import hajmi kamayishiga, eksport imkoniyati kengaytib, tannarxi arzonlashishiga olib keladi.

Sog`liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi

    Boshqa yangiliklar