28—29 may kunlari Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo`yicha o`rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov boshchiligidagi mas`ul mansabdor shaxslardan iborat guruh Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrugning Termiz garnizonida joylashgan “Oila markazi”da sayyor qabul o`tkazdi.
Qabul davomida Mudofaa vazirligi markaziy apparatidan iborat ishchi guruh barobarida okrug qo`mondonligi mas`ul ofiserlari harbiy xizmatchilar va ularning oila a`zolari hamda harbiy pensionerlarning mavjud muammolari, talab, taklif va ehtiyojlari o`rganilib, ularga amaliy ko`mak berish yuzasidan ish olib borildi.
Turfa murojaatlar bilan sayyor qabul guruhiga yuzlanayotgan yurtdoshlarimizning og`iri engil, uzog`i yaqin bo`lmoqda. Xususan, salomatligi tufayli yillar davomida aziyat chekib kelayotgan nafaqadagi podpolkovnik G`aribjon Safarovning sayyor qabul guruhining tashabbusi va beminnat yordamidan ko`ngli to`ldi. U iyun oyining birinchi o`n kunligi ichida o`z tashxisi bo`yicha bilan Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida davolanadigan bo`ldi. Agar zarurat tug`ilsa, hatto xorij shifoxonalariga ham yo`llanma olishiga imkon bo`lishiga va`da berildi.
Shuningdek, marhum harbiy xizmatchilarning oilasi ham e`tibordan chetda qolayotgani yo`q.
“Sayyor qabul bo`lishini eshitib, Sariosiyodan Termiz shahriga keldim. Turmush o`rtog`im harbiy xizmatchi bo`lib, u vafot etgan. Hozirda oilaviy sharoitimiz og`ir ahvolda. Mudofaa vaziri o`rinbosari bilan uchrashib, bizni qiynayotgan muammolarni bayon etdim. U kishi mening murojaatimni tinglab, zudlik bilan muammomni hal etdilar. Buning uchun barcha tashabbuskor, fidoyi insonlarga rahmat aytaman”, – deydi Guljamol Ulasheva.
O`zini qiynab turgan masala bo`yicha sayyor qabulga kelayotgan yuzlab fuqaro mamnun: og`iri engil, mushkuli oson.
Sayyor qabul ishchi guruhi bilan birgalikda Surxondaryo viloyatining davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham hamyurtlarimizga quloq tutarkan, ularning sog`liqni saqlash, ta`lim, sport, bank va kredit, bandlikka ko`maklashish kabiijtimoiy-maishiy muammolariga echim topdi.
- Viloyat markaziy bank boshqarmasi vakillari menga tadbirkorlik boshlashim va imtiyozli kredit olishim uchun nimalarga e`tibor qaratishim haqida muhim yo`l-qo`riqlar ko`rsatdi, – deydi Dilshoda Shodieva. – Turmush o`rtog`im – harbiy xizmatchi. Men xususiy tadbirkorlik orqali oilaviy daromadimizga o`z hissamni qo`shmoqchiman.
Bundan tashqari, ushbu sayyor qabullar Surxondaryo viloyatining Jarqo`rg`on hamda Sherobod tumanlarida joylashgan harbiy qismlarda ham o`tkazildi.
Eslatib o`tamiz, shu kabi sayyor qabullar ertaga, 30 may kuni Qarshi shaharida, 31 may kuni esa Buxoro shahrida o`tkazilishi rejalashtirilgan.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati






