AsosiyJamiyat

Sog`liqni saqlash vazirligi aholiga jaziramadan saqlanishi uchun tavsiyalar berdi

'Sog`liqni saqlash vazirligi aholiga jaziramadan saqlanishi uchun tavsiyalar berdi'ning rasmi

O`lkamizga jazirama yoz fasli kirib kelmoqda. Ma`lumki, bu faslda havo harorati keskin ko`tarilib, inson salomatligiga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin. Shunday vaziyatlarda insonlar salqin joyda hordiq chiqarishadi, oftob urmasligi uchun turli usullarni qo`llay boshlashadi. Xo`sh, issiq harorat ta`siridan qanday saqlanishimiz, bu mavsumda qanday kiyinishimiz va ovqatlanishimiz lozim? Bu haqda Sog`liqni saqlash vaziriligi quyidagilarni ma`lum qildi.

Vaziyat nazoratimizda bo`ladi

Yoz faslining boshlanishi, ayniqsa, eng issiq davr “chilla”ning kirib kelishi mamlakatimiz aholisi uchun biroz noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Boisi serquyosh o`lkamizning ayrim hududlarida havo harorati keskin ko`tarilib, janubiy viloyatlarda +45, +50 darajagacha etadi.

Yurtimiz aholisi bunday anomal issiq kunlarida zarurat sezganda respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali va 180 ga yaqin tuman va shahar bo`limlari xamda 2460 ta tez tibbiy yordam brigadalari orqali tunu kun tez, sifatli tibbiy yordam olishlari mumkin. Mazkur davolash muassasalari malakali mutaxassislar va zarur dori-darmonlar bilan etarli miqdorda to`liq ta`minlangan. Bundan tashqari, ushbu holat yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligining alohida nazorati tashkil etilgan. Qolaversa, har bir tuman va shahar tibbiyot birlashmalarida “Ishonch telefon”lari faoliyat ko`rsatmoqda.

Avvalo boshni asrang!

Ta`kidlash joizki, jaziramaning bunday kunlarida, avvalo, boshni quyosh nuridan asrash muhim ahamiyatga ega. Chunki bosh miyadan katta arteriya, vena qon tomirlari o`tgan bo`lib, kunning issiq vaqtida bosh yalang yurganda bosh qizib, butun tanada issiq qon aylanib, insonlarni oftob urishiga olib kelishi mumkin. Buning oqibatida tana haroratining ko`tarilishi, terining qizarishi, holdan toyish, nafas olish va puls tezlashishi, yurakning tez urishi, bosh og`rishi, bosh aylanishi, ko`ngil aynishi, qayt qilish, hushdan ketish kabi holatlar kuzatilishi mumkin.

Nima iste`mol qilgan ma`qul?

Tabiyki, issiq kunlari ko`p miqdorda suv ichish organizm faoliyatini yaxshi ishlashga va suv-tuz balansini me`yorlashtirishga yordam beradi. Ammo bunda organizmning suv tanqisligini to`ldirish uchun gazlangan yoki nektar suv emas, aksincha, oddiy ichimlik suvini iste`mol qilish kerak.Shuningdek, issiq kunda yog`li go`sht mahsulotlar iste`molini kamaytirib, engil hazm bo`luvchi taomlar iste`molini ko`paytirish maqsadga muvofiq. Qolaversa, meva va sabzavotlar ham organizmda yaxshi singib, ichki a`zolar faoliyatini normallashtirishga yordam beradi.

Yana shuni alohida ta`kidlash lozimki, yoz kunlarida xiyobon va ko`cha yon atroflarida qo`lbola usullarda tayyorlanib, iste`mol uchun chiqarilgan turli sharbat, ayron, go`ja hamda shu turdagi mahsulotlarni xarid qilmagan ma`qul. Boisi kun davomida quyosh nuri tushib turgan hamda iste`molga yaroqlilik belgisi mavjud bo`lmagan bu turdagi mahsulotlar salomatlik uchun o`ta xavfli bo`lib, turli noxush vaziyatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Qanday kiyinish kerak?

Yoz kunlari tabiiy matodan tikilgan, havoni yaxshi o`tkazib, quyosh nurini qaytaradigan hamda keng tikilgan kiyimlarni tanlash maqsadga muvofiq. Chunki ular terini nafas olishiga imkon yaratadi hamda tana haroratining ko`tarilib ketishiga to`sqinlik qiladi. Qolaversa, jazirama kunda bosh kiyim kiyib yurish ham maqsadga muvofiq.

Tush paytida ko`chaga chiqmang!

Ma`lumki, quyosh nuri 12.00 dan 16.00 gacha juda ham faol holatda bo`ladi. Shuning uchun bu vaqt oralig`ida ko`chaga chiqmagan ma`qul. Ammo vaziyat kelib chiqib, shu vaqt oralig`ida tashqariga chiqish to`g`ri kelsa, tananing ochiq joylarini quyosh nuridan saqlashga harakat qilish darkor.

Sog`liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi

    Boshqa yangiliklar