AsosiySiyosat

Prezident Talabalar shaharchasiga tashrif buyurdi

'Prezident Talabalar shaharchasiga tashrif buyurdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 24 may kuni Toshkentdagi Talabalar shaharchasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Talabalar shaharchasi mamlakatimizdagi yirik ta`lim va ilm-fan maskanidir. Bu erda Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Innovasion rivojlanish vazirligi, Ma`naviyat va ma`rifat markazi, kollej va liseylar, sport majmualari joylashgan. Ikki universitetda qariyb 25 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan shaharcha hududining boshlanishida, «Beruniy» metro bekati yonida Beruniy maydoni barpo etildi. Abu Rayhon Beruniyning Texnika universiteti oldidagi haykali shu erga ko`chirilib, atrofi obod qilindi. Allomaning buyuk merosi haqida ma`lumot beruvchi tosh lavhlar o`rnatildi. Bular o`ziga xos majmua hosil qilib, Talabalar shaharchasi ilmiy salohiyatining yana bir ramzi bo`ldi.

Davlatimiz rahbari ushbu majmuani ko`zdan kechirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoev 2017 yil 2 dekabr kuni Talabalar shaharchasiga tashrif buyurib, Innovasion rivojlanish vazirligi uchun bino qurish bo`yicha ko`rsatmalar bergan edi.



Shunga muvofiq bu erda besh qavatli zamonaviy bino bunyod etilmoqda. Vazirlikda iqtisodiyot tarmoqlarining innovasion ehtiyojlarini o`rganish, yoshlar innovasion g`oyalarini qo`llab-quvvatlash xizmatlari, masofaviy ta`lim kurslari yo`lga qo`yiladi. Yangi ishlanma va texnologiyalar namoyishi, startap loyihalar iqtidorli yoshlarda ilmiy-tadqiqot ko`nikmalarini shakllantirishga yordam beradi.



Binoning birinchi qavatida kutubxona, aftiteatr, xoll, ko`rgazmalar zali joylashadi. Yuqori qavatlarda kovorking va startap hududlar, internet laboratoriyalar, anjuman zallari bo`ladi. Aerokosmik laboratoriya, ustaxona, reklama agentligi ham tashkil etiladi.

– Vazirlikni bejiz Talabalar shaharchasiga joylashtirmadik. Bu erdagi oliy o`quv yurtlarida minglab iqtidorli yoshlar, tadqiqotchilar, olimlar bor. Ularni jalb etib, qo`llab-quvvatlab, har bir sohada yangilik yaratish kerak. Innovasion rivojlanish vazirligi bu borada ilmiy markaz, baza bo`lishi zarur, - dedi Shavkat Mirziyoev.



Shu erda vazirlik va Jarayonlarni avtomatlashtirish milliy assosiasiyasi - NAPA tomonidan xorijiy markazlar bilan hamkorlikda tashkil etilishi rejalashtirilgan innovasion texnopark taqdimoti bo`lib o`tdi.



Ushbu texnoparkda axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yangi ishlanmalar yaratish va transfer qilish uchun zamonaviy sharoit yaratiladi. Yoshlarni rag`batlantirib, axborot texnologiyalari sohasidagi tajribali mutaxassislarning mamlakatimizga kelishiga turtki beradi.

Shavkat Mirziyoev texnoparkda eng zamonaviy moddiy-texnik baza yaratish, kadrlar tayyorlash va ularni qo`llab-quvvatlash bo`yicha ko`rsatmalar berdi.


    Boshqa yangiliklar