AQSh Qurolli Kuchlari rezervdagi ofiserlarni tayyorlash korpusining bir guruh kursantlari O`zbekiston oliy harbiy ta`lim muassasalarida bo`lib, bo`lg`usi ofiserlar bilan o`zaro tajriba almashmoqda.
Oldin xabar berganimizdek, amerikalik kursantlar Qurolli Kuchlar akademiyasida o`tkazilgan anjumanda qatnashgan edi. Shuningdek, mehmonlar Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikasiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda Chirchiq oliy tank qo`mondon-muhandislik bilim yurtida ham bo`lishdi. AQShlik kursantlarga dastlab bilim yurti faoliyatini aks ettiruvchi taqdimotlar namoyish qilindi. Mehmonlar ta`lim jarayoni, o`zbekistonlik tengdoshlarining harbiy ta`lim olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Ushbu uchrashuv avvalo ikki davlat yoshlarining o`zaro fikr almashishi, erkin va do`stona muloqoti uchun zamin yaratdi.

Ameriklik mehmonlarga harbiy institut kursantlari bilan birgalikda o`zbek milliy taomi — palovni pishirishlari uchun imkoniyat yaratib berildi.
“To`g`risi men juda katta taassurotlarga ega bo`lyapman. Birinchisi, kursantlarning bilimli va xushmuomalaligi meni qoyil qoldirgan bo`lsa, keyingisi mamlakatingizni ming yillik tarixga ega madaniyati qiziqishimni yanada oshirdi”, – deydi Florida universiteti kursanti Julissa Rojas.

Ta`kidlash kerakki, AQSh qurolli kuchlari vakillari uch hafta davomida o`zbekistonlik kursantlar bilan harbiy, madaniy tadbirlar, nazariy va amaliy mashg`ulotlar orqali o`zaro tajriba almashishlari ko`zda tutilgan.
Shuningdek, xorijlik mehmonlar o`zbekistonlik kursantlar tomonidan poligonda bajarilgan amaliy mashg`ulotlarini kuzatib, o`zaro fikr almashdi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati






