Axborot markazimizning bu galgi mehmonlar poytaxtimizning Mirzo Ulug`bek tumanidagi 211 maktabning 9 - sinf o`quvchilari bo`lishdi. Ularga atom texnologiyalari bilan bog`liq bo`lgan ma`lumotlar maxsus eksponatlar yordamida tushuntirib berildi. Aytish joiz, VVER – 1200 reaktorlariga ega AES maketi – nafaqat maktab yoshidagi bolalar, balki kattalarda ham haqiqiy atom elektr stansiyasi tasavvurini uyg`ota oladi. Ishlanma vositasida yadroviy inshootning ish prinsipi, tarkibiy qismlari va o`ziga xosliklari haqida bilib olish mumkin.
“ - Fizika o`qituvchisi sifatida ayni soxa naqadar murakkabligini yaxshi bilaman. Demak, har bir kishiga atom va u bilan bog`liq texnologiyalarni yaxshiroq tushunish imkonini beruvchi markaz o`z vaqtida tashkil etildi. Bolalarda har bir yo`nalishga haqiqiy qiziqishni ko`rdim. Katta soxaning eng kichik ma`lumotlarini ham diqqat bilan tinglayotganlari bejiz emas. Chunki reaktorlardagi jarayonlar, yadro energiyasining tibbiyotda, qishloq xo`jaligida qo`llanilishi haqida ma`lumot beruvchi stendlar kishi diqqatini butunlay o`ziga qaratadi. Biz bu erga hali ko`p, boshqa sinf o`quvchilari bilan ham albatta kelamiz...“ deydi, 211-maktab fizika fani o`qituvchisi Galina Jestovskix.

Muqobil energiya manbaalari, inson harakati natijasidagi 1 daqiqalik quvvat va xuddi shu vaqt ichida AESdan ishlab chiqariladigan energiya hajmi bo`yicha solishtiruvlar ham bolalar uchun yangilik bo`ldi.
Mazkur maktab o`quvchisi Alixan Aripov ham o`z fikrlari bilan o`rtoqlashdi, - “Biz velosipedda harakatlanib, bir daqiqada olgan energiyamizni mobil telefonning bor yo`g`i 60 soniya ishlashiga sarflay olar ekanmiz. Xonadondagi boshqa elektron vositalarni ishlatish uchun yana qancha harakat kerak, tasavvur qilyapsizmi? Shu vaqtda esa atom elektrostansiyasida 20 megavatt elektr quvvati ishlab chiqarilar ekan. Solishtirib ko`rganda, bu – bir necha yuz lampochkaning birdan yonishi degani ekan. Hayratlanarli faktlarga duch kelyapmiz. Bugun birinchi marta 3D printerni o`z ko`zim bilan ko`rdim. Aytishlaricha, uning yordamida samolet, kosmik apparat, atom stansiyalari, protez va implantlar tayyorlanar ekan.”
Bu kabi ekskursiyalar atom energetikasi borasidagi yanglish stereotiplarga barham bermoqda. Sababi, ma`lumotlar chuqur tahlil va ko`plab mamlakatlarning tajribasiga asoslanib tayyorlangan.

Mazkur maktabning yana bir o`quvchisi Ayana Axmedova jumladan shunday deydi, “Men avvallari AES qurilishi tabiatga ham, odamlarga ham zarar keltiradi, deb o`ylardim. Chunki ota – onamdan Chernobl voqealari haqida ko`p eshitganman. Agar shunday stansiya O`zbekistonda ham qurilsa, boshqa erga ko`chib ketaman, derdim hazillashib. Bugun olgan ma`lumotlardan yaxshi tushunib oldim – Atom stansiyasining tabiatga zarari yo`q ekan. Aksincha, iqlim o`zgarishlari, masalan, global isishning oldi olinadi”.
“Atom gorizontlari” hamda “Atom jumboqlari” turkumidagi interaktiv film o`quvchilarni yadro energetikasi olamiga chuqurroq olib kirdi deyish mumkin. Filmda keltirilgan faktlar asosidagi viktorina esa, yangi bilimlarni o`zlashtirishda qo`l keldi. Kasb tanlovi arafasida turgan o`spirinlarga Toshkentda ochilishi kutilayotgan Moskva muhandislik – fizika instituti filiali haqida ham to`liq ma`lumot berildi.
“ - Bolaligimdan fizik bo`lishni orzu qilardim. Bugun tanlovim to`g`ri ekanligiga amin bo`ldim. Chunki juda ko`p yangi jihatlarni o`rganib, atom bilan bog`liq ba`zi afsonalar to`qima ekanligini tushundim. Asosiysi, tinchlik yo`lidagi atom energetikasi insonning zaruriy ehtiyojlarini ta`minlovchi muhim sohaligiga yana bir bor amin bo`ldim. Kelajakdagi ta`lim bilan bog`liq rejam aniq – Toshkentda ish boshlaydigan Moskva muhandislik – fizika instituti filialida tahsil olmoqchiman”, deydi yana bir maktab o`quvchisi Erjan Sultanbaev.
Qayd etish lozim, mazkur oliygohga qabul shu yildan boshlanadi. Ta`lim grant asosida tashkil etiladi. Institut bitiruvchilari “O`zatom” agentligining tarkibiy bo`linmalarida ish bilan ta`minlash kafolatlanadi.
Institut hamda qabul jarayonlari haqida batafsil ma`lumotni https://mephi.uz elektron manzili yoki https://t.me/uzmephi Telegram kanalidan olishingiz mumkin.






