AsosiySiyosat

Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishning muhim yo`nalishlari belgilab berildi

'Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishning muhim yo`nalishlari belgilab berildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 22 may kuni elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.

Hayot sifati o`sishi bilan aholi orasida va iqtisodiyot tarmoqlarida elektrotexnika mahsulotlariga talab tobora oshib bormoqda. Jahon miqyosida bunday tovarlar eksporti hajmi 2 trillion 500 milliard dollardan oshib, yiliga 10 foiz o`sish kuzatilmoqda.

Bu soha mamlakatimiz iqtisodiyotida alohida o`ringa ega. Ichki bozor, muassasa va xonadonlar yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan ta`minlangan. O`tgan yili, masalan, tarmoq korxonalarida 2 mingdan ortiq turdagi 9 trillion 600 milliard so`mlik tovarlar chiqarilgan.

Shu bilan birga, sohaga keng sharoitlar yaratilganiga qaramay, katta miqdorda elektrotexnika buyumlari import ham qilinyapti. Mintaqa bozorida mamlakatimizning eksport ulushi esa etarli emas.

Yig`ilishda eksport-import kon`yunkturasini o`rganish asosida elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, yangi mahsulotlarni o`zlashtirish va raqobatbardoshligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. “O`zeltexsanoat” uyushmasiga 2022 yilgacha ishlab chiqarish hajmini ikki baravarga oshirish hisobiga importni optimallashtirish va eksportni 500 million dollarga etkazish vazifasi qo`yildi.

Prezidentimiz buning uchun xomashyoni chuqur qayta ishlab, qo`shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish zarurligini ta`kidladi.

Hozirda misdan tayyorlanayotgan mahsulotlarning 50 foizidan ko`prog`i oddiy simdan iborat. Shuni chuqur qayta ishlab, mis trubkalar, internet va aloqa kabellari tayyorlansa, jahon bozorida qimmatroq sotiladi. Maishiy texnikalar, qurilish, sanoat va medisina uchun zarur asbob-uskunalar hamda ehtiyot qismlar ishlab chiqarish borasida ham salohiyat etarli ekani qayd etildi.

Mahsulotlar eksportida transport xarajatlarini kamaytirish zarurligi ta`kidlandi.

Yig`ilishda import o`rnini bosuvchi mahsulotlar ko`lamini kengaytirish, ularning tannarxini kamaytirish masalasi muhokama qilindi.

Ishlab chiqarishda qo`llanilayotgan ko`pgina ehtiyot qismlar import qilinayotgani, bu tannarxning qimmatlashiga olib kelayotgani ko`rsatib o`tildi. Muzlatgich va isitish uskunalari, kompyuter texnologiyalari, mobil aloqa vositalari, quyosh panellari va boshqa yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishni keng yo`lga qo`yish orqali yurtimiz korxonalarining ichki bozordagi o`rnini yanada mustahkamlash zarurligi ta`kidlandi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “O`zeltexsanoat” uyushmasiga yangi mahsulotlarni o`zlashtirish bo`yicha “yo`l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.

Yurtimiz mahsulotlariga ichki va tashqi bozorda barqaror talabni shakllantirish, davlat xaridlari va sanoat kooperasiyasidan keng foydalanish masalasiga alohida e`tibor qaratildi. Ayniqsa, qurilish, energetika, axborot va kommunikasiya texnologiyalari, avtomobilsozlik kabi tarmoqlarda ichki kooperasiyani kengaytirish zarurligi ta`kidlandi.

Xorijiy bozorlarga kirib borish uchun tashqi hamkorlikni ham rivojlantirish muhim. Shu bois jahonga mashhur “brend”lar bilan qo`shma loyihalarni amalga oshirish, mahsulotlarni xalqaro standartlar asosida sertifikatlash tizimini yo`lga qo`yish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Ishlab chiqaruvchilarga yaratilgan sharoitlar tahlil qilinar ekan, bu borada erkin savdo zonalari muhim o`rin tutishi qayd etildi. “Navoiy” va “Jizzax” erkin iqtisodiy zonalarida yangi loyihalarni joylashtirish, “Termiz” erkin savdo zonasini tashkil etish bo`yicha takliflar bildirildi. Tarmoqni jadal rivojlantirish, ishlab chiqaruvchilar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida zamonaviy infratuzilmaga ega elektrotexnika texnoparklari tashkil etish zarurligi ta`kidlandi.

Yig`ilishda berilgan topshiriqlar yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.

    Boshqa yangiliklar