Yurtimizda bojxona chegaralari orqali harakatlanayotgan fuqarolarning o`z ehtiyojlari uchun tovar-moddiy boyliklarini olib o`tishlari uchun bir qator qulayliklar yaratilganligi alohida ahamiyatga ega. Bunday imkoniyatlardan o`zlarining g`arazli maqsadlarida foydalanib qolishga urinayotganlar ham uchrab turganligi, ayniqsa achinarlidir.
Bu borada, Qoraqalpog`iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlarining sa`y-harakatlari natijasida har xil turdagi alkogol mahsulotlarning respublikamiz hududiga noqonuniy yo`llar bilan olib kirilishining oldi olinmoqda.
Boshqarmaning Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo`limi xodimlari tomonidan Taxiatosh tumanida tezkor tadbir o`tkazildi. Tadbir davomida, A-380 avtomobil yo`lida harakatlanib ketayotgan fuqaro D.A. boshqaruvidagi «Volkswagen» rusumli avtomobil to`xtatilib, xolislar ishtirokida ko`zdan kechirildi.
Natijada, ushbu avtoulov saloni va unga biriktirilgan tirkamasida chet elda ishlab chiqarilgan va bojxona rasmiylashtiruvidan o`tganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo`lmagan qiymati sal kam 56 million so`mlik 179,8 litr noqonuniy olib kelinayotgan viski va konyak mahsulotlari borligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom etmoqda.






