Qarshi shahrida umumta`lim maktab o`quvchi-yoshlari o`rtasida “Temurbeklar” harbiy-sport musobaqasining viloyat bosqichi o`tkazildi.
Unda viloyatning barcha tumanlarida tashkil etilgan “Temurbeklar” harbiy-sport jamoalarining 132 nafar ishtirokchilaridan iborat 11 ta jamoa o`zaro kuch sinashdi. Musobaqani 700 nafardan ortiq o`quvchi-yoshlar bevosita kuzatib bordi.
Harbiy-sport musobaqaning viloyat bosqichi ishtirokchilari “Mohir mergan”, “To`siqlardan oshib yugurish”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko`rsatish”, “Minalashtirilgan hududda harakatlanish” hamda “Maxfiy parollar bilan ishlash” kabi jami 9 ta shart bo`yicha o`zaro bellashdilar.
Ko`rik-tanlovning yakuniy natijalariga ko`ra:
- 1-o`rin — Yakkabog` tumanidagi 48-umumiy o`rta ta`lim maktabi jamoasi;
- 2-o`rin — Nishon tumanidagi 24-umumiy o`rta ta`lim maktabi jamoasi;
- 3-o`rin — Mirishkor tumanidagi 1-umumiy o`rta ta`lim maktabi hamda Kasbi tumanidagi 56-umumiy o`rta ta`lim maktabi jamoalari.
Shuningdek, bugun, 19 may kuni Chirchiq shahrida ham “Temurbeklar” harbiy-sport o`yinlarining Toshkent viloyati bosqichi bo`lib o`tdi.
Murosasiz kechgan bahslar davomida o`quvchi yoshlar o`zlarining jismoniy tayyorgarligi va epchilligini namoyon etib, o`z jamoalarini g`oliblar qatoriga qo`shish uchun bor mahoratlarini ko`rsatdi.
Musobaqa yakuniy natijalariga ko`ra:
- 1-o`rin — Chirchiq shahridagi 26-umumiy o`rta ta`lim maktabining “Qalqon” jamoasi;
- 2-o`rin — Bo`stonliq tumanidagi 11-umumiy o`rta ta`lim maktabining “Fidokorlar” jamoasi;
- 3-o`rin — Oqqo`rg`on tumanidagi 36-umumiy o`rta ta`lim maktabining “Burgutlar“ jamoasi qo`lga kiritdi.
Har ikki musoboqada g`oliblikni qo`lga kiritgan ishtirokchilar va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan kubok, medal, diplom va qimmatbaho sovg`alar tantanali ravishda topshirildi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati






