AsosiyJamiyat

​O`zbekiston Xalqaro kinokomissiyalar assosiasiyasining rasmiy a`zosiga aylandi

'​O`zbekiston Xalqaro kinokomissiyalar assosiasiyasining rasmiy a`zosiga aylandi'ning rasmi

Marche du Film kinobozorida O`zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan ochilgan milliy pavilonda Xalqaro kinokomissiyalar assosiasiyasi (AFCI) prezidenti bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston milliy kinokomissiyasi ushbu nufuzli xalqaro assosiasiyaga a`zo bo`ldi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
AFCI prezidenti Jess Konoplia Markaziy Osiyoda birinchi hisoblangan O`zbekiston milliy kinokomissiyasiga a`zolik sertifikatini topshirdi.

Uchrashuv davomida O`zbekistonning xorijiy kinoloyihalarni amalga oshirish (koprodakshn) salohiyati hamda kinolokasiyalari jozibadorligi taqdim qilindi. Bundan tashqari assosiasiya bilan istiqbolli hamkorlik xam muhokama qilindi.

AFCIʼga a`zo bo`lish bilan O`zbekiston milliy kinokomissiyasi butun dunyodagi kinokomissiyalar ma`lumotlari bazasiga kiritiladi, jahonning eng yirik prodyuserlari va kinokompaniyalari shu assosiasiya orqali O`zbekistonni suratga olish uchun manzil sifatida kashf qiladi.

Bundan tashqari, mahalliy kinomutaxassislar o`z tajribalarini oshirishlari uchun xorijiy konferensiya va o`quv mashg`ulotlariga jalb qilinishadi.

Ma`lumot uchun, shtab kvartirasi AQShning Los Anjeles shahrida joylashgan Xalqaro kinokomissiyalar assosiasiyasi (AFCI)ga dunyodagi 300 dan ortiq kinokomissiyalar a`zo bo`lgan. Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi bo`lib AFCIʼga a`zo bo`lgan O`zbekiston milliy kinokomissiyasi 2018 yilda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan O`zbekiston yoshlar ittifoqi hammuassisligida tashkil qilingan edi.

    Boshqa yangiliklar