2019 yilning 16 may kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida O`zbekiston-Finlyandiya siyosiy maslahatlashuvlarining sakkizinchi raundi bo`lib o`tdi.
O`zAning xabar qilishicha, O`zbekiston delegasiyasiga Tashqi ishlar vaziri o`rinbosari Dilshod Axatov, Finlyandiya tomoniga TIVning Rossiya, Sharqiy Evropa va Markaziy Osiyo bo`yicha departamenti Bosh direktori Maymo Henriksson rahbarlik qildilar.
Muloqot chog`ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlar kun tartibi, shuningdek, “O`zbekiston - Evropa Ittifoqi” shaklidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Ta`kidlanganidek, tomonlar o`zaro manfaatli barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan salohiyatga ega va ikki tomonlama aloqalarni kengaytirishga tayyor.
Shu nuqtai nazardan, so`nggi yig`ilishi 2002-yilda bo`lib o`tgan savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo`yicha Hukumatlararo komissiyasining faoliyatini qayta tiklash taklifi ko`rib chiqildi.
Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy masalalarning muhim jihatlari yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralarda Finlyandiyaning Elchisi Mariya Elina Liivala ishtirok etdi.






