AsosiyJamiyat

Sog`liqni saqlash vazirligi: bolalar va o`smirlar orasida semizlik jiddiy muammoga aylanmoqda

'Sog`liqni saqlash vazirligi: bolalar va o`smirlar orasida semizlik jiddiy muammoga aylanmoqda'ning rasmi

Joriy yil 18 may, shanba kuni Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatimiz bo`ylab “O`smirlar orasida semizlikka qarshi” tadbiri doirasida faol yurish bo`yicha ommaviy tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, ushbu tadbir poytaxtimizdagi Botanika bog`ida ham aholi ishtirokida ko`tarinki ruhda o`tkazildi. E`tiborli jihati, muntazam o`tkazilayotgan bu kabi ommaviy tadbirlar aholida sog`lom turmush tarziga bo`lgan qiziqishini oshirib, ularni jismoniy faol bo`lishga undayotgani quvonarli.


Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti taxminlariga ko`ra, 2030 yilga borib, dunyo aholisining qariyb 45 foizi semirib ketishi mumkin. Semizlik nafaqat kattalar o`rtasida, balki bolalar va o`smirlar orasida ham jiddiy muammoga aylanib bormoqda. Ma`lumotlarda keltirilishicha, 1975 yildan ayni paytga qadar dunyodagi semiz odamlar soni uch baravar oshgan. 5 yoshdan 19 yoshgacha bo`lgan 340 milliondan ziyod bolalar va o`smirlar semizlikka duchor bo`lishgan.

Bolalar va o`smirlar orasida semizlik va semirishning tarqalishi 1975 yildagi 4 foizdan 2016 yilda 18 foizgacha ko`tarildi. Aniqroq aytadigan bo`lsak, qizlarning 18 foizi va o`g`il bolalarning 19 foizi ortiqcha vaznga ega. Mazkur faktlar jamiyatimiz uchun semizlik jiddiy tahdid ekanini ko`rsatmoqda. Ushbu xavfning oldini olishda jismoniy faollik, jumladan, faol yurishning ahamiyati katta.


Yurishning foydali ekani barchamizga ma`lum. Ya`ni, faol yurish orqali semizlikdan tashqari, yurak qon-tomir kasalliklari, insult, xavfli o`smalar, nafas olish a`zolarining surunkali kasalliklari va qandli diabet kabi yuqumli bo`lmagan kasalliklarning oldini olgan bo`lamiz. Yurish barcha sport turlari orasida eng osoni va qulayidir. Buning uchun juda ko`p energiya sarflashning hojati yo`q, ijobiy ta`siri esa juda yuqori. Yurish organizmning umumiy holatiga ta`sir ko`rsatadi, mushaklarni baquvvat qiladi, suyak to`qimasini mustahkamlaydi, harakatlarni muvofiqlashtirishni rivojlantiradi. Jismoniy faoliyatning bunday turi harakatning eng xavfsiz turi hisoblanib, uni deyarli har bir kishi — o`smirdan tortib, keksa odam ham bemalol bajarishga qodir.

Shuningdek, joriy yil may oyi davomida yurtimizning barcha hududlarida sog`liqni saqlash tizimi tasarrufidagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida har haftada seshanba kuni – mahallarda “Salomatlik maydonchalari”, chorshanba kuni – maktab, kollej va oliy o`quv yurtlarida “Biz tamakisiz hudud uchun ovoz beramiz”, payshanba kuni – jamoat joylarida “Salomatlik maydonchasi”, juma kuni – mahallarda “Sog`lom ovqatlanish yarmarkasi” kabi tadbirlar uyushqoqlik bilan tashkil etilayapti.

Mamlakatimiz bo`ylab tashkil etilgan ushbu ommaviy tadbirlarda Sog`liqni saqlash vazirligi xodimlari, yurtimizdagi tibbiyot muassasalari shifokorlari, hududlardagi hamkor tashkilotlar vakillari hamda mahalla faollari ishtirok etishdi.

Sog`liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi

    Boshqa yangiliklar