AsosiySiyosat

​O`zbekiston Prezidenti Xalqaro valyuta jamg`armasi boshqaruvchi direktorini qabul qildi

'​O`zbekiston Prezidenti Xalqaro valyuta jamg`armasi boshqaruvchi direktorini qabul qildi'ning rasmi


Bugun, 17 may kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Xalqaro valyuta jamg`armasi boshqaruvchi direktori Kristin Lagardni qabul qildi. Bu haqda Prezident rasmiy saytida ma`lum qilingan.

Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlar ekan, O`zbekiston va Xalqaro valyuta jamg`armasi o`rtasidagi amaliy muloqot va o`zaro manfaatli hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

2017 yilning sentyabrida Nyu-York shahrida va joriy yil aprel oyida Pekin shahrida o`tgan ikki tomonlama muzokaralar samarali hamkorlikni yo`lga qo`yish va yanada kengaytirishga xizmat qilgani ta`kidlandi.

Bugungi kunda jamg`arma mamlakatimizda ilg`or xalqaro tajriba va bilimlar asosida keng miqyosli islohot va yangilanishlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda muhim sheriklardan biri ekani alohida qayd etildi.

Keyingi ikki yilda jamg`armadan jalb etilgan texnik ko`mak hajmi sezilarli darajada ortdi: mamlakatimizga XVJning 14 missiyasi tashrif buyurdi, soliq va moliya sohalari bo`yicha etakchi xalqaro konsultant va ekspertlar jalb etildi.

Jamg`arma ko`magida O`zbekiston XVJ statistika ma`lumotlari tarqatishning umumiy tizimiga qo`shildi, Markaziy bank va valyutani tartibga solish to`g`risidagi qonunlarning yangi tahriri loyihasi ishlab chiqildi, yangi Soliq siyosati va ma`muriyatchiligi konsepsiyasi va boshqalar joriy etildi.

Uchrashuvda O`zbekiston va Xalqaro valyuta jamg`armasining hamkorligi istiqbollari batafsil muhokama qilindi va bu boradagi ustuvor yo`nalishlar belgilab olindi.

Pul-kredit va soliq-byudjet siyosatini takomillashtirish, monetar siyosatning samarali vositalarini joriy etish, mamlakatimizda ishbilarmonlik va investisiya muhitini yaxshilash hamda boshqa yo`nalishlarda faol hamkorlikni davom ettirishga alohida e`tibor qaratildi.

O`z navbatida, XVJ boshqaruvchi direktori O`zbekistonga tashrif bilan kelish taklifi hamda ko`rsatilayotgan samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. Kristin Lagard jamg`arma mamlakatimizda barcha tarmoq va yo`nalishlarni qamrab olgan holda faol amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholashini alohida ta`kidladi.

O`zbekistonning Markaziy Osiyoda yaxshi qo`shnichilikni mustahkamlash va o`zaro ishonchni oshirish, mintaqaviy savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish borasidagi sa`y-harakatlari alohida qayd etildi.

Uchrashuv yakunida Kristin Lagard Xalqaro valyuta jamg`armasi mamlakatimizda samarali islohotlarni amalga oshirish va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta`minlashga har tomonlama ko`maklashishni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladi.


    Boshqa yangiliklar