AsosiySiyosat

O`zbekiston Prezidentining Qozog`iston Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti to`g`risida

'O`zbekiston Prezidentining Qozog`iston Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti to`g`risida'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 17 may kuni Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Qozog`iston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, mustahkam sog`lik va davlat xizmatidagi faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.

Oliy darajadagi muntazam va samarali muloqotlar O`zbekiston bilan Qozog`iston o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining jadal rivojlanishi va izchil mustahkamlanib borishiga xizmat qilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Qasim-Jomart Toqaevning joriy yil aprel oyida O`zbekistonga amalga oshirgan ilk davlat tashrifi savdo-iqtisodiyot, investisiya va transport-kommunikasiya sohalaridagi amaliy hamkorlik, shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar ochgani alohida ta`kidlandi.

Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Suhbat so`ngida davlatimiz rahbari Qasim-Jomart Toqaevga joriy yil 9 iyun kuni bo`lib o`tadigan Qozog`iston Prezidenti saylovi muvaffaqiyatli o`tishini tiladi.

    Boshqa yangiliklar