Davlatimiz rahbari 2017 yil 2-3 iyunda Andijon viloyatiga tashrifi chog`ida Andijon shahrida Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o`qitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish taklifini bildirgan edi.. Shunga muvofiq o`sha yili iyulda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinib, 11 dekabrda mazkur maktab ochilgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoev Andijon shahridagi Muhammad Yusuf nomidagi maktab-internatga tashrif buyurdi.

Maktab oldida shoir byusti o`rnatilgan xiyobon barpo etilgan. Bilim dargohida umumta`lim fanlari bilan birga, ona tili va adabiyotni chuqur o`rganish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Sinfxonalar, kutubxona, sport zali, yotoqxona zamonaviy jihozlangan. Bugungi kunda bu erda 150 nafar iqtidorli yigit-qiz ta`lim olmoqda.
Shavkat Mirziyoev Muhammad Yusufning hayoti va ijodiga bag`ishlangan mo``jazgina muzeyni ko`rdi. Maktab o`quvchilari shoir she`rlaridan namunalar o`qib berdi.

– Muhammad Yusuf halqimiz sevgan samimiy shoir, vatanparvar inson edi. Sizlar uning munosib davomchilari bo`lishingiz kerak. Buning uchun bir daqiqayam vaqtlaringizni bexuda o`tkazmay, ko`proq o`qib, tarixga uyg`oq boqib kamolga etishlaringiz zarur. Eng katta boylik – ma`naviy boylikdir, - dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga maktab-internat o`quvchilari uchun avtobus ajratish, boshqa viloyatlardagi ijod maktablariga borib, tengdoshlari bilan muloqot qilishiga ko`maklashish, viloyat televideniesida o`quvchilar ishtirokida ko`rsatuvlar tayyorlash bo`yicha topshiriq berdi.
Prezidentimizning Andijon viloyatiga tashrifi yakunlandi.











