AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev eski uylarda yashayotgan odamlarga munosib sharoitlar yaratish bo`yicha topshiriq berdi

'Shavkat Mirziyoev eski uylarda yashayotgan odamlarga munosib sharoitlar yaratish bo`yicha topshiriq berdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev Andijon viloyatiga tashrifi chog`ida Andijon shahridagi eski mahallaga kirib, odamlarning turmush sharoitlarini ko`zdan kechirdi.

Shahar markazida joylashgan bu mahallada uylar ichma-ich, tartibsiz qurib tashlangan. Muhandislik tarmoqlari yo`qligi sabab devorlar nurab, sanitariya holati yomonlashib qolgan edi.

Davlatimiz rahbari bu ahvol bilan bevosita tanishib, odamlar bilan suhbatlashdi. Bunday sharoit xalqimizga yarashmasligini, mahalla aholisi yangi qurilayotgan zamonaviy uylarga ko`chirilib, munosib sharoitlar bilan ta`minlanishini ta`kidladi.

Odamlar xalqning dardini his qilgani, turmush sharoitlarini yaxshilashga e`tibori va g`amxo`rligi uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

Shu erda Andijon shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan bunyodkorlik ishlari muhokama qilindi. Jumladan, mazkur eski mahalla hududida 9 qavatli 70 ta ta turar joy barpo etish bo`yicha vazifalar belgilandi.

Davlatimiz rahbariga «Andijan sity» ishbilarmonlik shaharchasi qurilish loyihasi haqida ham ma`lumot berildi. Qariyb 70 gektar maydonda bunyod etilishi mo`ljallangan ushbu shaharcha besh yulduzli mehmonxona, kongress xoll, ofislar, sog`lomlashtirish va ko`ngilochar joylar, restoranlar, 7, 9 va 12 qavatli turar joylardan iborat bo`ladi.

Prezidentimiz bu shaharcha uzoqni o`ylab, kompleks yondashuv asosida qurilishi, u Andijon uchun namuna, andoza bo`lishi kerakligini ta`kidladi. Shu bo`yicha mutasaddilarga ko`rsatma va tavsiyalar berdi.

    Boshqa yangiliklar