Bugun, 17 may kuni O`zbekiston xalq artisti Ortiq Otajonov 72 yoshida vafot etdi.
Ortiq Otajonov 1947 yil 30 yanvar kuni Xorazm viloyati Bog`ot tumanida tug`ilgan. O`zbekiston (1991 y.), Turkmaniston va Qoraqalpog`iston (1993 y.) xalq artisti. Urganch musiqa bilim yurtini (rubob sinfi bo`yicha, 1967 y.) va Toshkent madaniyat instituti (1980 y.)ni tugatgan.
Milliy ashulachilik yo`llarini Komiljon Otaniyozov, shuningdek, A.Otajonov, M.Mirzaev, G.Rahimova, O.Ibrohimov va S.Sobirovlardan o`rgangan. O`zbek davlat filarmoniyasi, “Lazgi” ansamblida xonanda (1968-81 yillar), “Lazgi” ansamblining badiiy rahbari bo`lgan.
Repertuaridan Xorazm mumtoz ashulalari (Feruz I,II, savtlari bilan ”Chapandozi Suvora”, “Xorazm Dugohi” va b.), kuyini o`zi bastalagan asarlar (“Zebolanib kelibsiz”, “Ona diyorim”, “Xorazm farzandiman”,”Orol dardi”, “Sening kulishlaring”, “Ibiyay”, “Boshqacha” va b.), shuningdek, afg`on, turkman, ozarbayjon, rus, arab qo`shiqlari o`rin olgan. Ijrolari 2 gramplastinka, O`zbekiston radiosi fonotekasiga yozilgan.
Marhumning oila a`zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etamiz.






