Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida Andijon viloyati hokimligida faollar yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Mamlakatimizning barcha hududlari kabi Andijon viloyatida ham katta o`zgarishlar yuz bermoqda. Xususan, o`tgan yili viloyat yalpi hududiy mahsuloti 12 foiz, investisiyalar 19 foiz o`sgan. Joriy yil birinchi chorakda ham o`sish sur`atlari kuzatilgan.
Shunga qaramay, hali viloyatda imkoniyatlar ko`pligi, iqtisodiyot diversifikasiya qilinmagani ta`kidlandi. Jumladan, viloyat sanoatining 80 foizi Asaka tumani va Andijon shahriga to`g`ri kelib, boshqa tumanlarda sanoat deyarli rivojlanmagani ko`rsatib o`tildi. Iqtisodiy faol aholining ko`pchiligi ishsiz, kishi boshiga to`g`ri keladigan xizmat ko`rsatish hajmi etarli emasligi qayd etildi.
Shu bois Andijon viloyatida 2019-2020 yillarda amalga oshiriladigan qiymati 25 trillion 181 milliard so`m bo`lgan 908 ta loyihadan iborat investisiya dasturi ishlab chiqildi. Ushbu loyihalar jami 1,7 milliard dollar to`g`ridan-to`g`ri xorijiy sarmoyani o`zlashtirish va 35 mingdan ziyod ish o`rni yaratishni ta`minlaydi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagi bo`lgan oilalarni aniqlab, «Har bir oila - tadbirkor» dasturi doirasida 420 milliard so`m imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilandi.

Yig`ilishda ijtimoiy sohalarni rivojlantirish masalalariga ham alohida e`tibor qaratildi. Joriy yilda Andijon shahrida 14 ta ko`p qavatli arzon uy va ko`plab tijorat uylari, qishloq joylarda 224 ta namunali uy-joy va 56 ta ko`p qavatli arzon turar joylar qurilishi ma`lum qilindi.
Prezidentimiz viloyat aholisi o`sib borayotgani yana ko`plab uylar va qo`shimcha ish o`rinlari, ijtimoiy va kommunal xizmatlar tashkil etishni talab qilishi, buning uchun vazirliklar va viloyat rahbarlari uzoqni ko`zlab, o`zini qiynab ishlashi zarurligini ta`kidladi.






