Prezident Shavkat Mirziyoev Qo`rg`ontepa tumanidagi «Khantex Group» mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan paxta-to`qimachilik klasteri faoliyati bilan tanishdi.
Andijon viloyatiga o`tgan yili may oyidagi tashrif chog`ida jamiyat tomonidan to`qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi taqdim etilgan edi. Bugunga kelib bu rejalar to`la amalga oshirildi. Ulkan yigiruv sexi binosi qurilib, Shveysariyaning «Riter» kompaniyasidan zamonaviy uskunalar keltirib o`rnatildi. Hududda yashovchi 400 nafarga yaqin aholi doimiy ish joyiga ega bo`ldi.


Bu hali dastlabki ishlar. Keyingi bosqichlarda mato to`qish, uni bo`yash, tayyor kiyim-kechaklar va sochiqlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati qariyb 58 million evro bo`lib, korxona to`liq quvvat bilan ishlay boshlagach, yiliga 9 ming tonnadan ziyod ip-kalava, qariyb 6 million pogona metr gazlama, 10 million donadan ortiq tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi. 1500 ta ish o`rni yaratiladi. Eksport hajmini 40 million dollarga etkazish mo`ljallangan.
Shuningdek, klaster negizida 2 ming tonna yog`, 7,5 ming tonna shrot, 5,4 ming tonna sheluxa ishlab chiqarish quvvatiga ega zamonaviy yog`-ekstraksiya zavodi hamda chorva kompleksi tashkil etish bo`yicha ishlar boshlab yuborilgan. Agrotexnika ishlari uchun «John Deere» va «Case» kompaniyalarining 13 turdagi qishloq xo`jaligi texnikasi keltirilgan.

Davlatimiz rahbari klasterning yigiruv sexini kirib ko`rdi.

- Shu paytgacha joylarda turli korxonalarni tashkil etish bo`yicha ishladik. Endi sifatga e`tibor berish, daromadini oshirish uchun sharoit yaratish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Shu erda Andijon viloyatida qishloq xo`jaligini rivojlantirish, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, pillachilik va tomorqachilik orqali aholi farovonligini oshirishga qaratilgan rejalar, O`zbekistonning Belarusdagi elchixonasi tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar muhokama qilindi.

Prezidentimiz loyihalarni ma`qullab, ular yuzasidan mutasaddilarga ko`rsatmalar berdi.
















