Tadbirkorlarning shuningdek xorijiy investorlarning huquq va manfaatlarini ta`minlash, ularning murojaatlari bilan ishlashni tashkil etish sifatini va tezkorligini oshirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan har bir hududda O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlarning murojaatlarini ko`rib chiqish qabulxonalari tashkil etiladi.
Qabulxonalarning asosiy vazifalari
Farmon bilan tashkil etilgan Qabulxonalarga quyidagi vazifalar yuklatildi:
tadbirkorlik sub`ektlari hamda xorijiy investorlarni qabul qilish, ularning huquqlari va manfaatlariga rioya qilinishini ta`minlash;
tadbirkorlikni rivojlantirishga to`sqinlik qilayotgan muammoli masalalarni ko`rib chiqish hamda mavjud byurokratik va boshqa masalalardagi to`siqlarni bartaraf etish;
ta`magirlik va korrupsiya holatlari bo`yicha darhol prokuratura organlarini xabardor qilish;
tadbirkorlarning murojaatlarini qabul qilish, umumlashtirish, monitoringini olib borish va nazorat qilish, qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish bo`yicha takliflar ishlab chiqish.
Tadbirkorlarni qabul qilishning yangicha tartibi
Farmonga muvofiq endilikda tadbirkorlik sub`ektlarini hamda xorijiy investorlarni, shu jumladan, videokonferensaloqa vositasida qabul qilish, shuningdek, sayyor qabullar o`tkazish yo`lga qo`yiladi.
Qabul jadval bo`yicha har kuni o`tkaziladi. Tadbirkorlarni qabul qilish jadvali Savdo-sanoat palatasining tadbirkorlikka ko`maklashish markazlari, investisiyalar va savdo, adliya, soliq inspeksiyasi, qurilish, davlat kadastri, bank hamda boshqa tashkilotlarning hududiy organlari vakillari ishtirokida tasdiqlanadi.
Murojaatlarni hal qilish “tuman(shahar)–viloyat–respublika” uch pog`onali prinsipi bo`yicha ko`rib chiqiladi. Murojaatda ko`rsatilgan qonuniy talablar va takliflarni tuman va shahar darajasida qondirish imkoniyati bo`lmasa, ular Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar
va Toshkent shahridagi Qabulxonalarga, respublika darajasida hal etilishi kerak bo`lgan murojaatlar Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko`rib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyatiga yuboriladi. Vazirlar Mahkamasi Kotibiyatida hal etilmagan murojaatlar ko`rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish uchun Bosh vazirga kiritiladi.
Tadbirkorlar ishining holati to`g`risidagi axborot tegishli xalq deputatlari Kengashi majlislarida muhokama qilinadi. Ushbu axborot bo`yicha mas`ul tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari eshitiladi.
Hisobot tizimining joriy etilishi
Murojaatlarni ko`rib chiqish bo`yicha hisobot tizimi joriy etiladi. Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Qabulxonalari rahbarlariga tumanlar va shaharlar Qabulxonalari tomonidan har oyda oyning 5-kunigacha, Vazirlar Mahkamasi Kotibiyatiga Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Qabulxonalari rahbarlari tomonidan har oylik asosida, oyning 7-kunigacha axborot kiritiladi.
Natijalardan kelib chiqib, Bosh vazir mansabdor shaxslarni rag`batlantirish yoki tadbirkorlik sub`ektlarining, shu jumladan, xorijiy investorlarning murojaatlari yuzaki ko`rib chiqilganligi yoki ularni ko`rib chiqishdagi harakatsizlik uchun mansabdor shaxslarni shaxsiy javobgarlikka tortish bo`yicha takliflar kiritadi.
Tadbirkorlarning muammolarini hal etish uchun qabul qilish, umumlashtirish, monitoring olib borish va nazorat qilish uchun samarali platforma “business.gov.uz” yagona interaktiv portali ishga tushiriladi. Tadbirkorlar mazkur portal orqali murojaat qilishlari, murojaatning ko`rib chiqilishini o`zlarining shaxsiy kabinetida “onlayn” real vaqt rejimida kuzatib borishlari mumkin bo`ladi.
Shuningdek, portalda qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga to`sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni avtomatik rejimda aniqlash imkonini beruvchi tadbirkorlar murojaatlarining tizimlashtirilgan yagona ma`lumotlar bazasi yaratiladi.
Qabulxonalarning faoliyati doimiy nazoratda bo`ladi
Qabulxonalar tomonidan amalga oshirilgan ishlarning natijalari doimiy nazoratga olinadi. Farmonga muvofiq Hisob palatasi, Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakil tomonidan tadbirkorlik sub`ekti va xorijiy investorning murojaatlari amalda hal etilishi o`rganiladi va monitoring olib boriladi. O`rganish va monitoring yakunlari O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga kiritiladi.
Bosh vazir har chorakda Qabulxonalar faoliyati natijalarini alohida yig`ilishlarda, shu jumladan videokonferensaloqa o`tkazish yo`li bilan ko`rib chiqadi. Zarurat bo`lganda tadbirkorlik sub`ektlari va xorijiy investorlarni shaxsan qabul qiladi.
Shu bilan birga, har chorakda Qabulxonalar ishlarining natijalari,tadbirkorlik sub`ektlari va xorijiy investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlar to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot beradi.
Shu bilan birga, mazkur Farmon bilan adliya organlariga ham alohida mas`uliyatli vazifalar yuklatilmoqda.
Jumladan, tuman miqyosidagi muammoli masalalar qabulxonalar bilan bir qatorda adliya bo`limlari tomonidan ham atroflicha o`rganilib chiqiladi. Shuningdek, adliya vazirligi aniqlangan tizimli muammolarni tahlil qilib, zarurat tug`ilganda ularni hal etish bo`yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishi ham belgilab berildi.
Qayd etish joizki, mazkur Farmonda belgilangan vazifalarni amalga oshirish orqali tadbirkorlik sub`ektlari bilan ochiq va to`g`ridan-to`g`ri muloqotni ta`minlash, ularning qonuniy talablarini samarali ro`yobga chiqarish hamda muammoli masalalarni hal etish, mintaqalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga real hissani ko`paytirish, aholining ish bilan bandligini oshirish va uning moddiy farovonligini o`stirish kabi ijobiy natijalarga erishish kutilmoqda.
Shu bilan birga, Qabulxonalarning tashkil etilishi tadbirkorlarning muammolarini tezlikda hal etish, tadbirkorlikni rivojlantirishga va qulay investisiya muhiti shakllanishiga to`sqinlik qiluvchi muhim muammolarni aniqlash, tadbirkorlarning murojaatlarini ko`rib chiqish bo`yicha vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo`jalik birlashmalari faoliyatini muvofiqlashtirish imkonini beradi.
Natijada, tadbirkorlarga kredit ajratish, davlat xizmatlarini ko`rsatish, er uchastkalari va binolar ajratish, tadbirkorlarni muhandislik-kommunikasiya tarmoqlariga va infratuzilmaga ulash kabi tizimli muammolar tezkor va joyida hal etiladi.
Farmon qoidalarining to`la-to`kis amalga oshirilishi davlat va tadbirkor o`rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqadi, tadbirkorlik rivojlanishiga xalaqit berayotgan ortiqcha byurokratik to`siqlar, sansalorliklarni oldini olishga xizmat qiladi. O`z navbatida bu mamlakatimizda real biznes qulay muhit yaratilishiga, tadbirkorlarda davlatga bo`lgan ishonchning yuksalishiga xizmat qiladi.
X.Meliev,adliya vaziri o`rinbosari






