AsosiyJamiyat

Kann festivalining O`zbekiston milliy pavilonida ikkinchi kun: qo`shma loyihalar, tajriba almashish, yulduzli mehmonlar

'Kann festivalining O`zbekiston milliy pavilonida ikkinchi kun: qo`shma loyihalar, tajriba almashish, yulduzli mehmonlar 'ning rasmi

Kann festivali g`oliblari O`zbekiston milliy paviloniga tashrif buyurdi

Bugun Marche du Film kinobozorida tashkil qilingan milliy pavilonga 71- xalqaro Kann kinofestivali g`oliblari, “Ayka” filmi ijodkorlari — rejisser va ssenariy muallifi Sergey Dvorsevoy va bosh rolni ijro etgan va 2018 yilda “Eng yaxshi aktrisa” nominasiyasi sovrindori Samal Eslyamova tashrif buyurdi.

O`zbekiston delegasiyasi mamlakatimizning kinolokasiyalari bilan mehmonlarni tanishtirdi. Ular kelajakda qo`shma film loyihalar qilishi hamda 2019 yil 26-30 noyabr kunlari bo`lib o`tadigan 5- xalqaro PROlogue kinofestivalida qatnashishga taklif qildi.

Sergey Dvorsevoy: — “Mamlakatingizga tashrif buyurib, kinolokasiyalar va qo`shma loyihalar salohiyati bilan tanishish hamda albatta kinofestivalingizda qatnashishdan mamnun bo`lardim. O`zbekistonda bugungi kunda kinoindustriya jadal rivojlanayotganimni kuzatayapman.”

.Samal Eslyamova: —“Garchi biz yaqin qo`shnilar bo`lsak ham,afsuski, hali O`zbekistonda bo`lmaganman. Lekin men Buxoro va Samarqand haqida ko`p eshitganman. Menga bunday ko`p asrli tar ixga ega mamlakatlar juda yoqadi. Milliy paviloningizdagi taqdimotlar va kataloglardagi fotosuratlarni ko`rib, mamlakatingiz naqadar jozibali va chiroyli go`shalarga boy ekaniga ishonch hosil qildim. Albatta, kinofestivalingizda qatnashishdan ham xursand bo`laman.»

O`zbekiston xorijlik kinokompaniyalarni jalb qilish bo`yicha Yaponiya bilan tajriba almashadi

Marche du Film kinobozorida O`zbekiston yoshlar ittifoqi, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi va O`zbekiston kinokomissiyasi tomonidan ochilgan milliy pavilonda bugun Tokio kinokomissiyasi vakillari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.

Unda O`zbekiston milliy kinokomissiyasi Osiyo mintaqasidagi eng yirik hamda muvaffaqiyatli hisoblangan Tokio kinokomissiyasi mutaxassislari bilan tajriba almashish, mamlakatlar o`rtasidagi kinokompaniyalar va prodyuserlar hamkorligini qo`llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Tokio kinokomissiyasi vakillari xorijiy kinokompaniyalar uchun imtiyozlar berish, xususan, rebeyt tizimi haqida ma`lumot berdi.

“O`zbekistonda qo`shma kinofilmlar olish, ayniqsa lokasiyalari bo`yicha katta salohiyati bor. O`zbekistonda kinokomissiya ochilishi bugungi kunda muhim va zarur birinchi qadam deb o`ylayman”, dedi Tokio kinokomissiyasi vakili Katsunori Tanaka.

O`zbekiston, Ukraina va Germaniya hamkorlikda film suratga olishi mumkin

Milliy pavilonda germaniyalik prodyuser Viet Xelmer va ukrainalik prodyuser Vladimir Filippinov bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.

Suhbat davomida ular O`zbekiston milliy kinokomissiyasi vakillari bilan hamkorlikda film suratga olish g`oyasini muhokama qilishdi. Ushbu film o`zbek madaniyati va tilini dunyo ommasiga tanishtirish imkonini beradi.

Tomonlar muzokaralarni davom ettirish va suratga olish uchun tayyorgarlik ishlarini boshlashni rejalashtirishmoqda.

    Boshqa yangiliklar