AsosiyJamiyat

​Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tashabbusi bilan Indoneziyaning eng mashhur blogerlar oilasi yana O`zbekistonga tashrif buyurdi

'​Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tashabbusi bilan Indoneziyaning eng mashhur blogerlar oilasi yana O`zbekistonga tashrif buyurdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlardagi mashhur bloggerlardan biri, Indoneziyadagi o`n bir nafar farzandli Gen va Halilintar oilasi ayni paytda O`zbekistonning turistik salohiyatini oshirishga qaratilgan navbatdagi ijodiy safar bilan mamlakatimizda bo`lib turibdi. Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi vazifasini bajaruvchisi Abdulaziz Akkulov Farg`onada tasvir ishlarini olib borayotgan ijodiy guruh bilan uchrashib, O`zbekiston turizmini faol targ`ib etayotgan bloggerlar bilan suhbatlashdi. Bu haqda Turizmni rivojlantiri davlat qo`mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

- Biz aynan ikki mamlakat poytaxtini bog`lab turuvchi “O`zbekiston havo yo`llari” MAK havo laynerida Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi taklifi bilan to`g`ridan-to`g`ri qatnovni amalga oshirdik. Bu esa joriy yilgi faoliyatimizni yanada jonlantiradi. Biz nafaqat qadimiy Samarqand, Buxoro shaharlarini, balki so`lim va betakror, yirik turizm salohiyatiga ega bo`lgan Farg`ona vodiysi haqida ham maxsus video materiallar tayyorlash niyatidamiz. Bu erdagi 3 kunlik tashrifimiz davomida qo`mita bilan hamkorlikdagi Ramazon oyiga bag`ishlangan maxsus targ`ibot roligini tasvirga olmoqdamiz hamda ijodiy safarimiz samarali o`tishiga ishonchimiz komil.

Gen va Halilintar O`zbekiston hamda Indoneziya o`rtasida turistik imkoniyatlar uchun keng yo`l ochib berilayotgani, Jakartadan Toshkentga qadar ochilgan avia qatnovlar xalqlar o`rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishiga xizmat qilishini bildirdi.

Ta`kidlash lozimki, Gen va Halilintar oilasi “King of YouTube”, ya`ni “ YouTube qiroli” degan nomga sazovor bo`lib, oila YouTube kanalida juda katta – 40 millionlik auditoriyaga ega. YouTube platformasida ularning tomoshabinlari soni 2 millarddan ortiqni tashkil etadi. E`tiborlisi, ular necha yildirki, O`zbekiston haqida maxsus materiallar tayyorlab, ularni tomosha qilayotganlar soni 150 mingdan oshgan.

Ijodiy guruh tomonidan joriy yilning yanvar oyida Chimyon tog`larida, Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida tasvirga olingan “Ziggi-Zagga” nomli qo`shig`iga ishlangan klip 50 million marta tomosha qilingan.

2014 yilda Gen va Halilintar oilasi yurtimizda, jumladan, Samarqandda sayohatda bo`lib, bundan juda katta taassurot oladi. Shu sababli ular mamlakatimizdagi tarixiy-madaniy inshootlar, muqaddas qadamjolar va xalqimiz madaniyati, an`ana va urf-odatlari haqida “O`zbekiston – mehmondo`st davlat” (“Uzbekistan negara sahabat”) nomli kitob yozdi. Bu kitob 100 ming nusxada nashr etilib, Indoneziyada juda mashhur bo`lgan. Mazkur kitob o`zbek tiliga tarjima qilinib, Samarqandda nashr etilishi rejalashtirilgan.

Ma`lumot uchun, yaqinda Gen va Halilintar oilasi O`zbekistonning Indoneziyadagi logo sfera targ`ibotchisi maxsus sertifikati bilan taqdirlanishi rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar