Bugun Amerika Qo`shma Shtatlarining “JOHN DEERE” kompaniyasi vakillari “O`zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyatida bo`lishdi, deb xabar berdi “O`zagrotexsanoatxolding” AJ Matbuot xizmati.
Do`stlik va sheriklik ruhida bo`lib o`tgan uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat o`rtasidagi do`stona aloqalar, hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari haqida so`z yuritdilar. Ular qishloq xo`jaligi mashinasozligi sohasida hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar va yaqin istiqboldagi vazifalar xususida ham o`z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Darhaqiqat, istiqlol yillarida mamlakatimizda qator xorijiy davlatlar bilan hamkorlik va do`stona aloqalar yo`lga qo`yildi. Bu hamkorlik esa do`stlik va sheriklik ruhida rivojlanmoqda. “O`zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi “Agrotexmash-DD” mas`uliyati cheklangan jamiyati ham ana shunday hamkorlikning yorqin ifodasidir. Ayni damlarda mazkur korxonada “JOHN DEERE” brendi ostida turli rusumdagi traktorlar, paxta terish mashinalari ishlab chiqarilmoqda. O`tgan 2018 yilda korxonada jami 300 dona traktor va paxta terish mashinalari ishlab chiqarildi. Tayyor mahsulot esa mamlakatimizdagi dehqon va fermer xo`jaliklariga etkazib berildi.
– Ayni damlarda jamiyatimizga qarashli, mazkur korxonada “Toshkent qishloq xo`jaligi texnikasi zavodi” aksiyadorlik jamiyati va “JOHN DEERE” kompaniyasi o`rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq, umumiy qiymati 32,4 million AQSh dollari miqdoridagi 500 dona traktorlarni ishlab chiqarish yuzasidan sa`y-harakatlar qilinmoqda, – deydi “O`zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Muxtor Karimov. – Bu esa o`z navbatida dehqonning og`irini engil, hosilining barakali bo`lishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Tashrif doirasida mehmonlar “O`zKlaasAgro” O`zbekiston-Germaniya qo`shma korxonasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar. Ularga bu erda amalga oshirilayotgan yangi loyihalar, yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma`lumotlar berildi.






