Qirg`iziston parlamenti raisi Dastanbek Jumabekov Rossiya elchisi Nikolay Udovichenko bilan Yoqutiston fuqarosi bo`lgan qiz qirg`izistonlik muhojir tomonidan zo`rlanishi voqeasi ortidan yuzaga kelgan vaziyatni muhokama qildi, deb xabar berdi Lenta ru nashri.
Ma`lumqilinishicha, Qirg`iziston tomoni ro`y bergan hodisadan juda ham afsuslangan. Ushbu hodisadan keyin hududda qirg`izistonlik mehnat muhojirlariga nisbatan nafrat kuchayganligi sababli Dastanbek Jumabekov elchi Nikolay Udovichenkodan hamyurtlarining xavfsizligi ta`minlanishini so`ragan.
Bundan tashqari, Yoqutistonga Qirg`izistondan vaziyatni hal qilish uchun ishchi guruh yuborilgan.
«Jinoyat milliy xarakterga ega emas. Shu tufayli ayni vaqtda Yoqutistonda bo`lib turgan, hodisaga aloqador bo`lmagan ko`p sonli Qirg`iziston fuqarolari xavfsizligini ta`minlash choralarini kuchaytirishingizni so`raymiz», deyiladi Qirg`iziston Tashqi ishlar vazirligi xabarida.
Qirg`iziston fuqarosi bo`lgan 23 yoshli shaxs tomonidan yoqutistonlik qiz zo`rlangani ma`lum bo`lgach, 17 mart kuni Yoqutistonda tinch namoyish bo`lib o`tgandi. Ayrim xabarlarga ko`ra esa, zo`ravonlikda bir necha qirg`izistonlik ishtirok etgan.






