O`zbekistonda «Cengiz Enerji Sanayiive Ticaret A.Ş.» (Turkiya) kompaniyasi bilan hamkorlikda quvvati 240 MVt bo`lgan kombinasiyalashgan issiqlik elektr stansiyasini qurish rejalashtirilmoqda. O`zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi matbuot xizmati ma`lum qilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida Energetika vaziri Alisher Sultonov va «Cengiz Holding» kompaniyasi ta`sischisi va boshqaruvi raisi Mehmet Jengiz boshchiligidagi delegasiyaning uchrashuvi bo`lib o`tdi.
Uchrashuv yakunida Energetika vazirligi va «Cengiz Enerji Sanayiive Ticaret A.Ş.» kompaniyasi o`rtasida quvvati 240 MVt bo`lgan IES qurilishini loyihasini davlat-xususiy sherikchilik asosida qurish bo`yicha bitim imzolandi.
Kombinasiyalashgan issiqlik elektr stansiyasi quriladigan joy sifatida Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi Quyimozor suv ombori yaqinidagi hudud tanlangan.
Tabiiy gazda ishlovchi issiqlik elektr stansiyasi GE (AQSh) da ishlab chiqarilgan gaz turbinasi va Siemens (Germaniya) kompaniyasida tayyorlangan bug` trubinasini o`z ichiga oladi.
“O`zbekiston Respublikasining Buxoro viloyatida quvvati 240 MVt bo`lgan IES qurish loyihasini amalga oshirish” bo`yicha bitim joriy yilning 19 fevral kuni Energetika vazirligi va «Cengiz Enerji Sanayiive Ticaret A.Ş.» kompaniyasi o`rtasida imzolangan edi.
Qayd etish kerakki, Buxoro viloyatida quvvati 240 MVt ga teng bo`lgan issiqlik elektr stansiyasini qurib foydalanishga topshirilishi mazkur hududda elektr energiyasiga bo`lgan ehtiyojni qondirish bilan birga magistral elektr tarmoqlari orqali energiya etkazib berishda yo`l qo`yiladigan texnik yo`qotishlarni kamaytirishga xizmat qiladi.






