Bugun “Yoshlar ijod saroyi”qo`lida kitob tutgan yoshlarga to`la edi. Sababi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda O`zbekiston noshirlari va kitob savdosi tashkilotlari milliy assosiasiyasi tomonidan tashkillashtirilgan “Navro`z” kitob bayrami xayriya aksiyasi boshlandi. Kitobsevarlarning ma`naviy ehtiyojini qondirish maqsadida o`tkazilgan mazkur tadbirda noshirlar, yozuvchilar, shoirlar, adabiyotga ixlosi baland yoshlar, ijodkorlar ishtirok etdi.
—Dunyoda har xil karvonlar bor, —deydi O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o`rinbosari Minhojiddin Mirzo. — Oziq-ovqat ortilgan, o`yinchoqlar ortilgan, qurol-yarog` ortilgan karvonlar shular jumlasidandir. Lekin kitoblar ortilgan karvonni hech qaysi ne`matga qiyoslab bo`lmaydi. Kitob bilan yo`lga chiqqan odam maqsadiga, albatta, erishadi. Chunki ma`rifat hech qachon engilmagan.
Tadbirda O`zbekiston noshirlari va kitob savdosi tashkilotlari milliy assosiasiyasi direktori Erkin Abdurahmonov so`zga chiqib, “Zamonaviy noshirlik ishi: muammolar, taklif va echim” mavzuida ma`ruza qildi. Kitob nashri va savdosiga chuqur bilimga ega kadrlar tayyorlash va ularning salohiyatini oshirib borishga xizmat qiladigan o`quv dasturlari yaratish bo`yicha bir qator takliflarni o`rtaga tashladi.
—Bizda 7 yoshdan 70 yoshgacha bo`lgan kitobxonlar uchun kitoblar nashr etiladi, —deydi “Yangi asr avlodi” nashriyoti marketologi Nodira Iminjonova. – Hozirgi kunda kitob do`konlarimizda ko`pincha detektiv janrdagi kitoblarning xaridori ko`p. Shuning uchun kitobxonning talabini hisobga olgan holda talabdan kelib chiqib kitoblarni chop etamiz. Ayniqsa, Tohir Malik, O`tkir Hoshimov asarlari o`z vaqtida kitobxonini topib oladi. Bolalar adabiyoti bo`yicha bolajon shoirimiz Anvar Obidjonga yuzlanamiz. Menimcha, nashriyotlarni ko`proq tashvishlantiradigan holat bolalarga tavsiya etish uchun asarlarning etarli emasligidir. Bu og`riqli nuqtamizga tezroq malham topishimiz kerak. Chunki kitobga mehrni bolalikdan shakllantirgan yaxshi.
Eslatib o`tamiz, ertaga ham “Navro`z” kitob mahsulotlari savdo ko`rgazmasi kun bo`yi davom etadi.
Keling! Siz izlagan kitoblar “Yoshlar ijod saroyi”da kutmoqda.






