AsosiyJamiyat

O`zbekiston va Rossiya sog`liqni saqlash vazirlarining uchrashuvi bo`lib o`tdi

'O`zbekiston va Rossiya sog`liqni saqlash vazirlarining uchrashuvi bo`lib o`tdi'ning rasmi

O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligida delegasiya a`zolari bilan vazirlik rahbariyatining uchrashuvi bo`lib o`tdi. Do`stona ruhda o`tgan muloqotda O`zbekiston Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Rossiya Federasiyasi Sog`liqni saqlash vaziri Veronika Skvorsova tibbiyot va ta`lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari hamda bu boradagi yangi loyihalarni atroflicha muhokama qildilar, deb xabar berdi Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.

Uchrashuvda O`zbekiston Sog`liqni saqlash vaziri A.Shodmonov prezident Vladimir Putinning taklifiga binoan Shavkat Mirziyoevning Rossiya Federasiyasiga davlat tashrifi doirasida vazirliklar o`rtasida bir qator hujjatlarning imzolanishi sog`liqni saqlashda ta`lim va ilm-fanni rivojlantirish borasidagi hamkorlikka zamin yaratganini ta`kidlab o`tdi. Kadrlar malakasini oshirish yo`nalishida yaxshi hamkorlik yo`lga qo`yildi. O`tgan yillar davomida 600 dan ziyod mutaxassislarimiz Rossiyada malaka oshirishgan bo`lsa, Rossiyaning 300 nafar nufuzli mutaxassislari yurtimizda mahorat darslari, ko`rgazma va ma`ruzalar tashkil etish hamda murakkab operasiyalarni o`tkazish uchun O`zbekistonga tashrif buyurishdi.

Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va tibbiyot universitetlar o`rtasida ham faol aloqalar mavjud. 2019/2020 o`quv yilidan boshlab yurtimizda I.M.Sechenova nomidagi Moskva davlat tibbiyot universitetining filialini ochish ko`zda tutilgan bo`lib, bu borada qo`shma fakultetlarni tashkil etish, bakalavriat, magistrlik va klinik ordinaturada ta`lim dasturlarini tayyorlash borasida shartnomalar tuzildi.

Shuningdek, 2019/2020 o`quv yilidan boshlab Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamkorligida «Pediatriya ishi» va «Davolash ishi» ta`lim yo`nalishlari bo`yicha qo`shma fakultet tashkil etiladi.

Joriy yil sentyabrdan Rossiyaning Xalqlar do`stligi universiteti va Toshkent davlat stomatologiya instituti birgalikda «Dermatovenereologiya» yo`nalishida qo`shma fakultet ochish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Orenburg davlat tibbiyot universiteti va Toshkent davlat stomatologiya instituti hamkorligida «Davolash ishi» va «Klinik psixologiya» yo`nalishida ham qo`shma fakultetlar tashkil qilinadi.

Sankt-Peterburg pediatriya tibbiyot universiteti va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali bilan birgalikda esa oltita: «Akusherlik va ginekologiya», «Bolalar jarrohligi», «Travmatologiya», «Pediatriya», «Stomatologiya» va «Onkologiya» yo`nalishlarida xalqaro fakultetlar tashkil qilish ham ko`zda tutilgan.

V.Skvorsova O`zbekistonda sog`liqni saqlash sohasidagi o`zgarishlarni, xususan, majburiy tibbiy sug`urta tizimini tatbiq etish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, bolalar va keksalarni sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish, tibbiyot muassasalarida «har bir davolangan holat» uchun klinik harajat guruhlari bo`yicha va kishi boshiga moliyalashtirish tizimining joriy etilayotganini e`tirof etdi. Mehmon o`zaro tajriba almashish va sohada olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirishda ko`maklashish, sog`liqni saqlash va tibbiy ta`limni rivojlantirish yuzasidan qo`shma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Qayd etilishicha, delegasiya a`zolari respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, xususiy klinikalar, birlamchi tibbiy yordam muassasalar hamda tibbiyot oliy o`quv yurtlariga tashrif buyuradilar.

    Boshqa yangiliklar