AsosiyJamiyat

Qozog`iston va O`zbekiston poytaxtlari o`rtasida avtobus qatnovi yo`lga qo`yildi

'Qozog`iston va O`zbekiston poytaxtlari o`rtasida avtobus qatnovi yo`lga qo`yildi'ning rasmi

Prezidentimizning 2018 yil 5 martdagi “O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash yuzasidan milliy tashuvchi “Uzautotrans Service“ MChJ va Qozog`istonning “KazAvtoTrans“ korxonasi “Toshkent-Ostona-Toshkent” yo`nalishida muntazam xalqaro avtobus qatnovini yo`lga qo`ydi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi transport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur yo`nalish masofasi 1646 kilometr bo`lib, yo`lovchilar 27 soat 30 daqiqada manziliga etkaziladi. Yo`l haqi 312 000 so`m etib belgilangan. Mazkur yo`nalishda Qozog`iston tomonidan VANHOOL O`zbekiston tomonidan esa zamonaviy YUTONG avtobuslari xizmat ko`rsatadi.

Ostonadan avtobuslar Qozog`iston vaqti bilan 15:00, 16:00, 17:00, 18:00da yo`lga chiqadi. Poytaxtimizdan esa 12:00, 14:00, 16:00, 18:00 da jo`nab ketadi. 10 mart kunidan e`tiboran mazkur yo`nalishda har kuni bittadan reysni amalga oshirish rejalashtirilgan. Kelgusida esa qatnovlarni kuniga 4 marotabaga etkazish ko`zda tutilgan. Mazkur yo`nalish bevosita Qozog`istonning Qarag`anda shahri orqali o`tadi. Aynan bu erda ham yo`lovchilarni tushirish va olish nazarda tutilgan. Qarag`anda shahrigacha yo`lkira narxi 260 000 so`mni tashkil etadi.

Shu kunga qadar Qozog`iston Respublikasiga “Toshkent-Chimkent“, “Toshkent-Olmaota, “Toshkent-Qizil O`rda“, “Toshkent-Turkiston“, “Nukus- Ushkunur“, “Chirchiq-Ushkunur“ yo`nalishlarida qatnovlar amalga oshirilmoqda.

Xalqaro avtobus qatnovlarining yo`lga qo`yilishi davlatlar o`rtasida aholi qatnovini ko`paytirish va ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi. Shuningdek, qo`shni davlatlarning savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanishiga ijobiy turtki beradi.

    Boshqa yangiliklar