Bugun O`zbekistonning Belgiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Dilyor Hakimov Jahon bojxona tashkiloti (WCO) bosh kotibi ofisining ijrochi direktori Alan Harrison bilan uchrashdi. Bu haqda O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy saytida xabar qilindi.
Dunyoning deyarli barcha mamlakati bojxona xizmatlari mazkur tashkilot a`zolari hisoblanadi. Tashkilotning faoliyat yo`nalishi tovarlarni tasniflash, bojxona qiymatini belgilash, mahsulotlarning kelib chiqishi qoidalari, bojxona bojlari, ta`minot zanjiri xavfsizligi, xalqaro savdo tartib-qoidalarini soddalashtirish, bojxona huquqbuzarliklariga hamda kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurash kabi yo`nalishlarda xalqaro hujjatlar, konvensiyalarni ishlab chiqish, shuningdek, intellektual mulk huquqini himoya qilish va korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan.
Uchrashuv davomida JBT bosh kotibi Kunio Mikuriyaning 5 — 7 mart kunlari O`zbekistonga bo`ladigan tashrifining asosiy jihatlari kelishib olindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar O`zbekistonning bojxona xizmatining intellektual mulkni himoya qilish hamda huquqni muhofaza etish sohasidagi institusional salohiyatini oshirishga tashkilot tomonidan amaliy yordam berilishini ta`kidladilar. Shuningdek, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo`llab-quvvatlash maqsadida JBT tomonidan yurtimiz bojxona xizmati vakillari uchun “Aeroportda yo`lovchilar va yuklarni nazorat qilish“ hamda “Bojxona nazorati samaradorligini baholash metodlari“ kabi mavzularda seminarlar uyushtirilishi, boshqa qator maxsus qo`shma loyihalar va tadbirlarni o`tkazish rejalashtirilayotgani alohida qayd etildi.






