Farg`ona viloyati Oltiariq tumani IIB navbatchilik qismining 2019 yil 2 yanvar kuni soat 17:00 larda bergan xabariga ko`ra, Oltiariq tumani, «Sharq» MFY, Sharq tongi ko`chasidan oqib o`tuvchi So`x – Shohimardonsoy kanalidan qiz jinsiga mansub shaxsi noma`lum chaqaloq murdasi topilgan.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berishicha, murda suvdan chiqarib olinib, viloyat sud-tibbiy ekspertiza byurosi eksperti ishtirokida ko`zdan kechirilganda, murdaning ayol jinsiga mansubligi va unda tan jarohatlari (bo`g`ish, tashqi ta`sir natijasida o`ldirish kabi belgilar) mavjud emasligi, shuningdek kindigi 3 sm.ni tashkil qilib, tibbiyotga xos bo`lmagan usulda kesilgan va bog`lanmaganligi aniqlangan.
Viloyat sud-tibbiy ekspertiza byurosining 2019 yil 2 yanvardagi dastlabki ma`lumotnomasiga ko`ra, chaqaloq murdasi suvda taxminan 10 kun qolib ketganligi, ichki tana a`zolari tekshirilganda, uning oshqozonida sut qoldig`i topilmagan, murdaning o`lim sababi, tug`ilganidan so`ng yashaganligi, suvga tirik yoki o`lgan holatda tushganligi kabi holatlar sud-gistologiya tekshiruvi natijasiga ko`ra aniqlanishi qayd etilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tuman va shahar IIB, Tibbiyot hamda o`zini o`zi boshqarish organlari xodimlari keng jalb qilinib, chaqaloq va uning onasini shaxsini aniqlashga qaratilgan choralar ko`rilmoqda.
Mazkur holat ustidan Bosh prokuratura nazorati o`rnatilgan.






