O`zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Anzur Ismoilov Osiyo Kubogi musobaqasiga davom etayotgan tayyorgarlik haqida O`FA Matbuot xizmatiga o`z fikrlarini bildirib o`tdi.
"Bugungi kun juda samarali o`tdi. OFK tomonidan tashkil etilgan yig`ilishda qatnashdik, yig`ilish davomida ko`plab muhim ma`lumotlar haqida xabardor bo`ldik. Ayniqsa, musobaqa davomida amal qiladigan qoidalar bilan yaqindan tanishganimiz foydali bo`ldi. Futbol qoidalarida muntazam ravishda o`zgarishlar bo`layotgani, yanada mukammallikka intilishayotgani yaxshi albatta. Osiyo Kubogi davomida ushbu qoidalarga amal qilishga intilamiz.
Musobaqa boshlanishini barchamiz intiqlik bilan kutyapmiz. Birinchi o`yinga jiddiy tayyorgarlik ketyapti. Ko`proq kombinasion o`yin namoyish qilishga, tezkor paslar bilan hujumlar tashkil qilishga e`tibor qaratilmoqda. Murabbiy bizdan maydonda borimizni berib o`ynashni talab qilyapti. Biz uning bu talabini to`liq bajarishga harakat qilamiz", - deydi Anzur Ismoilov.






