O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 3 yanvar kuni joriy yil 1 yanvardan boshlab Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi lavozimiga kirishgan Vladimir Norovni qabul qildi. Bu haqida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Davlatimiz rahbari O`zbekiston Respublikasi vakilining shunday yuqori va mas`uliyatli lavozimga – ShHT Bosh kotibligiga tasdiqlanishi tarixiy voqea ekanini ta`kidladi.
Birinchi marta mamlakatimiz fuqarosi xalqaro tashkilotning rahbari etib tayinlandi.
Uchrashuv chog`ida O`zbekiston Prezidenti ochiq va konstruktiv muloqot uchun samarali maydon, ko`p qirrali hamkorlikning ta`sirchan mexanizmi, Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikning muhim omiliga aylangan Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatiga yuqori baho berdi.
ShHTning asosiy hujjatlarida mustahkamlanib qo`yilgan mamlakatlarning suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va davlat chegaralarining daxlsizligini o`zaro hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, tenglik, o`zaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish kabi tamoyillarning asosiy roli qayd etildi.
O`tgan davr mobaynida ko`p tomonlama hamkorlikka doir salmoqli shartnomaviy-huquqiy baza shakllantirildi, ShHTning 30 yaqin ishchi organi muvaffaqiyatli faoliyat ko`rsatib kelmoqda.
Xorijiy davlatlar hamda xalqaro tuzilmalarning mazkur nufuzli tashkilot bilan sheriklik munosabatlarini yo`lga qo`yishga qiziqishi tobora ortib borayotgani ta`kidlandi.
Mamlakatimiz Prezidenti Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida ishga solinmagan ulkan salohiyati mavjudligiga alohida e`tibor qaratdi. Xavfsizlikni mustahkamlash, savdo, iqtisodiyot, investisiya, transport kommunikasiyalari, turizm, qishloq xo`jaligi hamda mintaqalararo hamkorlik sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish kelgusidagi ustuvor yo`nalishlar sifatida qayd etib o`tildi.
Mamlakatimizda Tashkilot doirasida hamkorlikni rivojlantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkent shahrida ShHTning Xalq diplomatiyasi markazi ta`sis etildi, Samarqand shahrida “Ipak yo`li” turizm xalqaro universiteti tashkil qilinmoqda.
O`zbekiston tomonining tashabbusiga muvofiq Sindao sammiti yakunida ShHT davlat rahbarlarining Yoshlarga qo`shma murojaati hamda uni amalga oshirish bo`yicha Harakat dasturi qabul qilindi.
Uchrashuv so`ngida davlatimiz rahbari V.Norovga ShHT Bosh kotibi lavozimida omad va muvaffaqiyat tiladi.






