So`nggi bir yilda O`zbekistondan Tojikistonga o`tib-qaytuvchilar soni bir necha yuz barobarga ko`paydi, deb yozadi O`zA. Xususan, Toshkent viloyatida joylashgan «Oybek» chegara bojxona posti orqali bir kunda qo`shni davlatga o`tib-qaytuvchilar 800 foizga oshdi.
– Bundan bor-yo`g`i ikki yil muqaddam chegara bojxona postimiz orqali bir kunda Tojikistonga ko`pi bilan 600 nafargacha yo`lovchi o`tib-qaytgan, – deydi «Oybek» chegara bojxona posti boshlig`i, podpolkovnik Ziyodulla Rajabov. – Ayni paytda esa postimiz orqali bir kunda 3 mingdan 5 ming nafargacha yo`lovchi o`tib-qaytmoqda. Bu albatta, Prezidentlar, xususan Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan viza rejimining qulaylashtirilgani, chegara postlarida ko`rsatilayotgan xizmatlar sifatining oshirilishi natijasidir.
Darhaqiqat, Prezidentning 2018 yil 14 martdagi tegishli qarori bilan O`zbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati o`rtasida 2018 yil 9 mart kuni imzolangan fuqarolarning o`zaro safarlari to`g`risidagi bitim tasdiqlandi. Qarorga muvofiq, 2018 yil 16 martdan boshlab Tojikiston Respublikasi fuqarolari O`zbekistonga 30 kungacha vizasiz safar qilishlari mumkin bo`ldi.
«Oybek» chegara bojxona posti orqali harakatlanuvchi fuqarolarga tezkor va sifatli xizmat ko`rsatish maqsadida bojxona posti zamonaviy bojxona apparatlari, kuzatuv kameralari, texnik nazorat vositalari va jihozlari bilan ta`minlangan. Yosh bolali yo`lovchilarning qulay harakatlanishi, bojxona posti orqali o`tib-qaytuvchilarga zarur hollarda tibbiy yordam ko`rsatish, shuningdek, kutish zalida mehmonlarni kutish uchun barcha zarur sharoit yaratilgan. Maskanda fuqarolar o`zlari bilan olib o`tishi mumkin bo`lgan tovar va moddiy boyliklar me`yori hamda valyuta qimmatliklari to`g`risidagi ma`lumotlar o`zbek, tojik va rus tillarida joylashtirilgan.






