Mamlakatimizda so`nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlar xalqaro ekspertlar e`tirofiga sazovor bo`lmoqda. Xalqimiz hayotidagi ana shu o`zgarishlar jahon ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritilishi muntazamlik kasb etib bormoqda.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 28 dekabr kuni 2018 yil yakuni va 2019 yilning istiqbolli rejalari yuzasidan mamlakatimiz parlamentiga taqdim etgan Murojaatnomasi haqida CA-News Markaziy Osiyo yangiliklar portali maqola e`lon qildi.
“Prezident Shavkat Mirziyoev 28 dekabr kuni mamlakat parlamenti oldidagi Murojaatida 2019 yilni Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili deb e`lon qildi”, deyiladi unda.
Xabarda qayd etilishicha, Prezidentimiz tomonidan kirib kelayotgan yilga ushbu nomning berilishi O`zbekistonda 2018 yilda boshlangan investisiyaviy loyiha va dasturlar ijrosining mantiqiy davomidir. Mamlakat iqtisodiyotiga investisiyalarni jalb etishdan maqsad O`zbekistonda yashaydigan har bir fuqaroning yashash sharoitini yaxshilashdan iboratdir.
Davlatimiz rahbarining parlamentga Murojaatnomasi yuzasidan Ozarbayjonning Trend.Az axborot agentligi “O`zbekistonda 2019 yil Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili deb e`lon qilindi” nomli xabar e`lon qildi. Unda Prezidentimizning mamlakat iqtisodiyotiga investisiyalarni jalb etishdan ko`zlangan maqsad, sohada erishilgan yutuqlar va istiqbollar yuzasidan mulohazalariga e`tibor qaratilgan.
“Shavkat Mirziyoevning ta`kidlashicha, 2019 yilda mamlakatda 138 trillion so`mlik sarmoyalar o`zlashtiriladi. Bu 2018 yilga nisbatan 16 foiz ziyod. Shu bilan birga, to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar hajmi 4,2 milliard dollarni tashkil etadi, bu 2018 yilga nisbatan 1,5 baravar ko`pdir”, deyiladi xabarda.
Maqolada 2019 yilda O`zbekistonda 142 ta zamonaviy korxonani ishga tushirish rejalashtirilgani qayd etilgan.
O`zA






